Asosiy qismga oʻtish
Sunni Islam Yoʻl-yoʻriq, ibodat vositalari va ishonchli manbalar

Sura 64 · Madaniy · 18 Oyatlar

Sura Tagʻobun

Ziyon koʻrish

سورة التغابن
Uzluksiz tinglash

بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

  1. 1

    يُسَبِّحُ لِلَّهِ مَا فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَمَا فِى ٱلْأَرْضِ ۖ لَهُ ٱلْمُلْكُ وَلَهُ ٱلْحَمْدُ ۖ وَهُوَ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍۢ قَدِيرٌ

    Osmonlardagi narsalar va yerdagi narsalar Allohga tasbih ayturlar. Mulk Unga xosdir, maqtov ham Unga xosdir va U barcha narsaga qodirdir.

  2. 2

    هُوَ ٱلَّذِى خَلَقَكُمْ فَمِنكُمْ كَافِرٌۭ وَمِنكُم مُّؤْمِنٌۭ ۚ وَٱللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ بَصِيرٌ

    U sizlarni yaratgan zotdir. Bas, baʼzilaringiz kofir va baʼzilaringiz moʻmindir. Alloh nima qilayotganingizni koʻrib turuvchidir.

  3. 3

    خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضَ بِٱلْحَقِّ وَصَوَّرَكُمْ فَأَحْسَنَ صُوَرَكُمْ ۖ وَإِلَيْهِ ٱلْمَصِيرُ

    U osmonlaru yerni haq bilan yaratdi. Va qiyofangizni chiroyli suvratda qildi. Va qaytib borish Uning Oʻzigadir. (Ulamolarimiz «Osmonlaru yerni haq bilan yaratdi» jumlasini «Hikmat» bilan yaratdi, deb tushuntiradilar. Osmondagi hisobsiz yuulduzlar va boshqa jismlar, ularning bir-biridan maʼlum uzoqlikda va qatʼiy tartibda joylashishi, hali inson ilmi yetmagan koʻpgina narsa va hodisalar ularni yagona Alloh yaratganini tasdiqlaydi.)

  4. 4

    يَعْلَمُ مَا فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ وَيَعْلَمُ مَا تُسِرُّونَ وَمَا تُعْلِنُونَ ۚ وَٱللَّهُ عَلِيمٌۢ بِذَاتِ ٱلصُّدُورِ

    U osmonlaru yerdagi narsalarni biladir. Sizlar sir tutayotgan narsani ham va eʼlon qilayotgan narsani ham biladir. Alloh koʻkrakdagi narsalarni ham biluvchidir.

  5. 5

    أَلَمْ يَأْتِكُمْ نَبَؤُا۟ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ مِن قَبْلُ فَذَاقُوا۟ وَبَالَ أَمْرِهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌۭ

    Sizlarga oldin kofir boʻlganlarning xabari kelmadimi? Bas, ular oʻz ishlarining azobini tatidilar va ularga alamli azoblar bor.

  6. 6

    ذَٰلِكَ بِأَنَّهُۥ كَانَت تَّأْتِيهِمْ رُسُلُهُم بِٱلْبَيِّنَٰتِ فَقَالُوٓا۟ أَبَشَرٌۭ يَهْدُونَنَا فَكَفَرُوا۟ وَتَوَلَّوا۟ ۚ وَّٱسْتَغْنَى ٱللَّهُ ۚ وَٱللَّهُ غَنِىٌّ حَمِيدٌۭ

    Buning boisi shundaki, ularga Paygʻambarlari oydin dalillar bilan kelardilar, ular boʻlsa, bizni bashar hidoyatga boshlaydimi, deb kufrga ketardilar va (haqdan) yuz oʻgirardilar. Va Alloh behojat boʻldi. Alloh behojat va maqtalgandir.

  7. 7

    زَعَمَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوٓا۟ أَن لَّن يُبْعَثُوا۟ ۚ قُلْ بَلَىٰ وَرَبِّى لَتُبْعَثُنَّ ثُمَّ لَتُنَبَّؤُنَّ بِمَا عَمِلْتُمْ ۚ وَذَٰلِكَ عَلَى ٱللَّهِ يَسِيرٌۭ

    Kofirlar hech qayta tirilmasliklarini daʼvo qildilar. Sen: «Undoq emas, Robbim bilan qasamki, albatta qayta tiriltirilursizlar, soʻngra qilgan ishlaringizdan xabardor qilinursizlar. Bu ish Alloh uchun osondir», deb ayt.

  8. 8

    فَـَٔامِنُوا۟ بِٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ وَٱلنُّورِ ٱلَّذِىٓ أَنزَلْنَا ۚ وَٱللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌۭ

    Bas, Allohga, Uning Rasuliga va Biz tushirgan nurga iymon keltiringlar. Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir.

  9. 9

    يَوْمَ يَجْمَعُكُمْ لِيَوْمِ ٱلْجَمْعِ ۖ ذَٰلِكَ يَوْمُ ٱلتَّغَابُنِ ۗ وَمَن يُؤْمِنۢ بِٱللَّهِ وَيَعْمَلْ صَٰلِحًۭا يُكَفِّرْ عَنْهُ سَيِّـَٔاتِهِۦ وَيُدْخِلْهُ جَنَّٰتٍۢ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَٰرُ خَٰلِدِينَ فِيهَآ أَبَدًۭا ۚ ذَٰلِكَ ٱلْفَوْزُ ٱلْعَظِيمُ

    U sizlarni «Jamlash kuni»ga toʻplaydigan kunni eslang. U kun «tagʻobun» kunidir. Kim Allohga iymon keltirsa va solih amallar qilsa, uning gunohlarini kechirur va ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritur. Unda abadul-abad qolurlar. Bu ulkan yutuqdir. («Jamlash kuni», Alloh u kuni avvalgi va oxirgi barcha bandalarni jamlaydi. «Tagʻobun» kuni. Arabcha «tagʻobun» «gʻibn» soʻzidan olingan boʻlib, bahoning pastlashini bildiradi. Qiyomat kuni kofirlar iymonni tark qilganlari uchun baholari pastlab, doʻzaxga ravona boʻladilar. Yaxshi ishlarni kamroq qilib qolgan moʻminlar ham baholari pastlab, jannatning oliy martabalariga yeta olmay qoladilar.)

  10. 10

    وَٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ وَكَذَّبُوا۟ بِـَٔايَٰتِنَآ أُو۟لَٰٓئِكَ أَصْحَٰبُ ٱلنَّارِ خَٰلِدِينَ فِيهَا ۖ وَبِئْسَ ٱلْمَصِيرُ

    Kufr keltirib, Bizning oyatlarimizni yolgʻonga chiqarganlar, ana oʻshalar, otash egalaridir. Unda abadiy qolurlar. Qandoq ham yomon joy u!

  11. 11

    مَآ أَصَابَ مِن مُّصِيبَةٍ إِلَّا بِإِذْنِ ٱللَّهِ ۗ وَمَن يُؤْمِنۢ بِٱللَّهِ يَهْدِ قَلْبَهُۥ ۚ وَٱللَّهُ بِكُلِّ شَىْءٍ عَلِيمٌۭ

    Sizga Allohning iznisiz hech bir musibat yetmas. Kim Allohga iymon keltirsa, U zot uning qalbini hidoyatga solur. Alloh har bir narsani biluvchidir. (Bandaga Allohning qozoi qadarisiz, ilmisiz hech bir musibat yetmaydi, degan eʼtiqod doimo inson xotirasida turishi kerak. Paygʻambarimiz hadislaridan birida: «... Va bilginki, senga yetgan musibat adashib boshqaga oʻtishi mumkin emas, agar boshqaga boʻlsa, senga yetmasdi...», deganlar.)

  12. 12

    وَأَطِيعُوا۟ ٱللَّهَ وَأَطِيعُوا۟ ٱلرَّسُولَ ۚ فَإِن تَوَلَّيْتُمْ فَإِنَّمَا عَلَىٰ رَسُولِنَا ٱلْبَلَٰغُ ٱلْمُبِينُ

    Allohga itoat qiling va hamda Rasulga itoat qiling. Agar yuz oʻgirib ketsangiz, bas, Bizning Rasulimizga ochiq-oydin yetkazish, xolos.

  13. 13

    ٱللَّهُ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ ۚ وَعَلَى ٱللَّهِ فَلْيَتَوَكَّلِ ٱلْمُؤْمِنُونَ

    Alloh, Undan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻq. Bas, moʻminlar Allohning Oʻzigagina tavakkal qilsinlar.

  14. 14

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ إِنَّ مِنْ أَزْوَٰجِكُمْ وَأَوْلَٰدِكُمْ عَدُوًّۭا لَّكُمْ فَٱحْذَرُوهُمْ ۚ وَإِن تَعْفُوا۟ وَتَصْفَحُوا۟ وَتَغْفِرُوا۟ فَإِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌۭ رَّحِيمٌ

    Ey iymon keltirganlar! Albatta, juftlaringizdan va bolalaringizdan sizga dushman bor, bas, ulardan hazir boʻling. Va agar afv etsangiz, koʻngilga olmasangiz va ayblarini kechirsangiz, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmdil zotdir. (Oyatning nozil boʻlish sababi haqidagi rivoyatda aytilishicha: bir guruh kishilar Makkada iymonga kelib, Madinaga hijrat qilishmoqchi boʻlganlarida, xotin va bola-chaqalari, bizni tashlab qayoqqa borasan, deb toʻsiq boʻlishgan ekan. Vaqti kelib Madinaga borishsa, ulardan avval hijrat qilganlar dinda ilgʻor boʻlib ketishibdi. Shunda ularni hijratdan toʻsgan oila aʼzolariga iqob qilishmoqchi boʻlganlarida Alloh taolo: «Va agar afv etsangiz, koʻngilga olmasangiz va ayblarini kechirsangiz, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmdil zotdir», degan oyatini tushirib, ularni bu ishdan qaytargan ekan.)

  15. 15

    إِنَّمَآ أَمْوَٰلُكُمْ وَأَوْلَٰدُكُمْ فِتْنَةٌۭ ۚ وَٱللَّهُ عِندَهُۥٓ أَجْرٌ عَظِيمٌۭ

    Albatta, mol-mulklaringiz va farzandlaringiz sinovdan boshqa narsa emas. Va Allohning huzurida ulugʻ ajr bor. (Mol-mulk kishi uchun sinovdir. Qoʻliga mol-dunyo kelganda ham hovliqmasdan, toʻgʻri yoʻlda sarflasa, ibodatini vaqtida qilsa, ulkan savoblarga ega boʻladi. Ammo dunyoga berilib yoʻldan ozsa, harom-xarish ishlarni qilsa, mol topish uchun gunoh yoʻllarga ham kiraversa, unda sinovdan oʻta olmagan boʻladi va gunohiga yarasha jazosini oladi. Shuningdek, farzandlar ham Allohning ulkan neʼmati. Ularni toʻgʻri tarbiyalab, xudojoʻy qilib oʻstirilsa, ikki dunyoning obroʻyini olib beradi. Agar teskarisi boʻlsa, ikki dunyoda sharmanda qiladi. Demak, Allohning muhabbatini, mol-mulk va farzandlar muhabatidan ustun qoʻymoq zarur. Chunki uning huzurida ulugʻ ajr bor.)

  16. 16

    فَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ مَا ٱسْتَطَعْتُمْ وَٱسْمَعُوا۟ وَأَطِيعُوا۟ وَأَنفِقُوا۟ خَيْرًۭا لِّأَنفُسِكُمْ ۗ وَمَن يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِۦ فَأُو۟لَٰٓئِكَ هُمُ ٱلْمُفْلِحُونَ

    Allohga qoʻlingizdan kelganicha taqvo qiling va (amrini) tinglang va itoat qiling va infoq qiling - oʻzingizga yaxshi boʻladi. Va kimki nafsining qizgʻanchiqligidan saqlansa, ana oʻshalar najot topuvchilardir.

  17. 17

    إِن تُقْرِضُوا۟ ٱللَّهَ قَرْضًا حَسَنًۭا يُضَٰعِفْهُ لَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ۚ وَٱللَّهُ شَكُورٌ حَلِيمٌ

    Agar Allohga yaxshi qarz bersangiz, U sizga koʻpaytirib berur va sizni kechirur. Alloh shakur va halimdir.

  18. 18

    عَٰلِمُ ٱلْغَيْبِ وَٱلشَّهَٰدَةِ ٱلْعَزِيزُ ٱلْحَكِيمُ

    U gʻoyib va oshkorni biluvchi, aziz va hakim zotdir.

Arabcha: Tanzil Usmoniy matni. Tarjima va audio bepul Al Quran Cloud / Islamic Network xizmatlari orqali. Tafsir ochiq Tafsir API orqali.