Asosiy qismga oʻtish
Sunni Islam Yoʻl-yoʻriq, ibodat vositalari va ishonchli manbalar

Sura 45 · Makkiy · 37 Oyatlar

Sura Josiya

Tiz choʻkkan

سورة الجاثية
Uzluksiz tinglash

بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

  1. 1

    حمٓ

    Ha-a. Miym.

  2. 2

    تَنزِيلُ ٱلْكِتَٰبِ مِنَ ٱللَّهِ ٱلْعَزِيزِ ٱلْحَكِيمِ

    Bu kitobning nozil qilinishi aziz va oʻta hikmatli Allohdandir.

  3. 3

    إِنَّ فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ لَءَايَٰتٍۢ لِّلْمُؤْمِنِينَ

    Albatta, osmonlaru yerda moʻminlar uchun oyat-belgilar bordir. (Darhaqiqat, osmonlaru yerdagi har bir narsa Alloh taoloning biru borligiga, cheksiz qudratiga yorqin dalildir.)

  4. 4

    وَفِى خَلْقِكُمْ وَمَا يَبُثُّ مِن دَآبَّةٍ ءَايَٰتٌۭ لِّقَوْمٍۢ يُوقِنُونَ

    Va sizlarning yaratilishingizda va taratib qoʻygan jonivorlarda aniq ishonadigan qavm uchun oyat-belgilar bor. (Insonning yaratilishida Alloh taoloning biru borligiga, kuch-qudratiga, tadbiru sanʼatiga sonsiz-sanoqsiz oyat-belgilar bor.)

  5. 5

    وَٱخْتِلَٰفِ ٱلَّيْلِ وَٱلنَّهَارِ وَمَآ أَنزَلَ ٱللَّهُ مِنَ ٱلسَّمَآءِ مِن رِّزْقٍۢ فَأَحْيَا بِهِ ٱلْأَرْضَ بَعْدَ مَوْتِهَا وَتَصْرِيفِ ٱلرِّيَٰحِ ءَايَٰتٌۭ لِّقَوْمٍۢ يَعْقِلُونَ

    Kechayu kunduzning almashib turishida, Alloh osmondan rizq nozil qilib, uning ila yerni oʻlimidan keyin tiriltirishida va shamollarni ne yoʻnalishida aql yuritadigan qavm uchun oyat-belgilar bor.

  6. 6

    تِلْكَ ءَايَٰتُ ٱللَّهِ نَتْلُوهَا عَلَيْكَ بِٱلْحَقِّ ۖ فَبِأَىِّ حَدِيثٍۭ بَعْدَ ٱللَّهِ وَءَايَٰتِهِۦ يُؤْمِنُونَ

    Bular Allohning oyatlaridir. Biz ularni senga haq ila tilovat qilurmiz. Ular Allohni va Uning oyatlarini qoʻyib, qaysi gapga iymon keltirurlar?!

  7. 7

    وَيْلٌۭ لِّكُلِّ أَفَّاكٍ أَثِيمٍۢ

    Har bir yolgʻonchi gunohkorga halokat boʻlsin!

  8. 8

    يَسْمَعُ ءَايَٰتِ ٱللَّهِ تُتْلَىٰ عَلَيْهِ ثُمَّ يُصِرُّ مُسْتَكْبِرًۭا كَأَن لَّمْ يَسْمَعْهَا ۖ فَبَشِّرْهُ بِعَذَابٍ أَلِيمٍۢ

    U oʻziga tilovat qilingan Allohning oyatlarini eshitadi-yu, soʻngra xuddi eshitmagandek mutakabbirlik qilib turib oladi. Bas, unga alamli azob xushxabarini ber.

  9. 9

    وَإِذَا عَلِمَ مِنْ ءَايَٰتِنَا شَيْـًٔا ٱتَّخَذَهَا هُزُوًا ۚ أُو۟لَٰٓئِكَ لَهُمْ عَذَابٌۭ مُّهِينٌۭ

    Qachonki Bizning oyatlarimizdan biror narsa bilsa, uni istehzo qiladi. Ana oʻshalarga xorlovchi azob bordir.

  10. 10

    مِّن وَرَآئِهِمْ جَهَنَّمُ ۖ وَلَا يُغْنِى عَنْهُم مَّا كَسَبُوا۟ شَيْـًۭٔا وَلَا مَا ٱتَّخَذُوا۟ مِن دُونِ ٱللَّهِ أَوْلِيَآءَ ۖ وَلَهُمْ عَذَابٌ عَظِيمٌ

    Va ortlarida jahannam bor. Ularga kasb qilgan narsalari ham, Allohni qoʻyib tutgan «doʻstlari» ham hech bir narsada asqotmas. Ularga ulkan azob bordir.

  11. 11

    هَٰذَا هُدًۭى ۖ وَٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ بِـَٔايَٰتِ رَبِّهِمْ لَهُمْ عَذَابٌۭ مِّن رِّجْزٍ أَلِيمٌ

    Bu (Qurʼon) hidoyatdir. Robbilari oyatlariga kufr keltirganlarga alamli azobning ashaddiysi bordir.

  12. 12

    ۞ ٱللَّهُ ٱلَّذِى سَخَّرَ لَكُمُ ٱلْبَحْرَ لِتَجْرِىَ ٱلْفُلْكُ فِيهِ بِأَمْرِهِۦ وَلِتَبْتَغُوا۟ مِن فَضْلِهِۦ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ

    Alloh sizga dengizni unda Oʻz amri bilan kemalar yurishi uchun va siz Uning fazlidan istashingiz uchun boʻysundirib qoʻydi. Shoyadki, shukr keltirsangiz.

  13. 13

    وَسَخَّرَ لَكُم مَّا فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَمَا فِى ٱلْأَرْضِ جَمِيعًۭا مِّنْهُ ۚ إِنَّ فِى ذَٰلِكَ لَءَايَٰتٍۢ لِّقَوْمٍۢ يَتَفَكَّرُونَ

    Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni—hammasini Oʻz tomonidan boʻysundirib qoʻydi. Albatta, ana shunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-belgilar bordir.

  14. 14

    قُل لِّلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ يَغْفِرُوا۟ لِلَّذِينَ لَا يَرْجُونَ أَيَّامَ ٱللَّهِ لِيَجْزِىَ قَوْمًۢا بِمَا كَانُوا۟ يَكْسِبُونَ

    Sen iymon keltirganlarga ayt. Allohning kunlaridan umidvor boʻlmaydiganlarni kechirsinlar. Toki U zot bu qavmni kasb qilib yurgan narsalari uchun mukofotlasin. (Ey Muhammad, sen moʻminlarga ayt, ular oʻzlariga ozor bergan, kelajakdagi Allohning hisob-kitob kunlaridan noumid boʻlgan kofirlarni kechirsinlar. Bu esa, Alloh taolo oʻsha musulmon qavmni yaxshi kasblariga koʻra mukofotlashi uchundir.)

  15. 15

    مَنْ عَمِلَ صَٰلِحًۭا فَلِنَفْسِهِۦ ۖ وَمَنْ أَسَآءَ فَعَلَيْهَا ۖ ثُمَّ إِلَىٰ رَبِّكُمْ تُرْجَعُونَ

    Kim solih amal qilsa, oʻziga foyda. Kim yomonlik qilsa, oʻziga zarar. Soʻngra Robbingizga qaytarilursiz.

  16. 16

    وَلَقَدْ ءَاتَيْنَا بَنِىٓ إِسْرَٰٓءِيلَ ٱلْكِتَٰبَ وَٱلْحُكْمَ وَٱلنُّبُوَّةَ وَرَزَقْنَٰهُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ وَفَضَّلْنَٰهُمْ عَلَى ٱلْعَٰلَمِينَ

    Batahqiq, biz Bani Isroilga kitobni, hukmni va Paygʻambarlikni berdik, ularga pok narsalarni rizq qilib berdik va ularni olamlar ichida afzal qildik. (Oʻz zamonasida, albatta, Bani Isroil oʻzgalardan afzal boʻlgan. Chunki Tavrot ularga tushirilgan, Paygʻambarlar ulardan chiqqan.)

  17. 17

    وَءَاتَيْنَٰهُم بَيِّنَٰتٍۢ مِّنَ ٱلْأَمْرِ ۖ فَمَا ٱخْتَلَفُوٓا۟ إِلَّا مِنۢ بَعْدِ مَا جَآءَهُمُ ٱلْعِلْمُ بَغْيًۢا بَيْنَهُمْ ۚ إِنَّ رَبَّكَ يَقْضِى بَيْنَهُمْ يَوْمَ ٱلْقِيَٰمَةِ فِيمَا كَانُوا۟ فِيهِ يَخْتَلِفُونَ

    Va Biz ularga (din) ishi haqida ochiq-oydin bayonotlar berdik. Bas, ular oʻzlariga ilm kelganidan soʻng oʻzaro hasad-adovat qilibgina ixtilofga tushdilar. Albatta, Robbing ular orasida qiyomat kuni ixtilof qilgan narsalari haqida hukm chiqarur.

  18. 18

    ثُمَّ جَعَلْنَٰكَ عَلَىٰ شَرِيعَةٍۢ مِّنَ ٱلْأَمْرِ فَٱتَّبِعْهَا وَلَا تَتَّبِعْ أَهْوَآءَ ٱلَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ

    Soʻngra Biz seni (din) ishida bir shariatga yoʻlladik. Bas, unga ergash, bilmaydiganlarning havoi nafslariga ergashma. (Bani Isroilning ishi, yuqorida aytilgandek, muvaffaqiyatsiz tamom boʻlganidan soʻng biz seni Islom shariatiga yoʻlladik.)

  19. 19

    إِنَّهُمْ لَن يُغْنُوا۟ عَنكَ مِنَ ٱللَّهِ شَيْـًۭٔا ۚ وَإِنَّ ٱلظَّٰلِمِينَ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَآءُ بَعْضٍۢ ۖ وَٱللَّهُ وَلِىُّ ٱلْمُتَّقِينَ

    Albatta, ular sendan Alloh tomonidan boʻladigan hech bir narsani arita olmaslar. Va, albatta, zolimlar bir-birlariga doʻstdirlar. Alloh taqvodorlarning doʻstidir.

  20. 20

    هَٰذَا بَصَٰٓئِرُ لِلنَّاسِ وَهُدًۭى وَرَحْمَةٌۭ لِّقَوْمٍۢ يُوقِنُونَ

    Bu (Qurʼon) odamlar uchun qalb koʻzlari, aniq ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmatdir.

  21. 21

    أَمْ حَسِبَ ٱلَّذِينَ ٱجْتَرَحُوا۟ ٱلسَّيِّـَٔاتِ أَن نَّجْعَلَهُمْ كَٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّٰلِحَٰتِ سَوَآءًۭ مَّحْيَاهُمْ وَمَمَاتُهُمْ ۚ سَآءَ مَا يَحْكُمُونَ

    Nahotki yomonliklarni qilganlar ularni iymon keltirib, solih amallar qilganlarga oʻxshash qilmogʻimizni, hayotlari ham, mamotlari ham barobar boʻlishini gumon qilsalar?! Ularning qilgan hukmi naqadar ham yomon! (Ushbu oyatda kofir va osiy kimsaning xayolidan oʻtadigan gumon inkor qilinmoqda. Kofirlar, bizning moʻminlardan qayerimiz kam, deb oʻylashlari, gumon qilishlari mumkin. Bu dunyoda ham, u dunyoda ham moʻminlar bilan barobarlikni daʼvo etishlari mumkin. Bu daʼvo mutlaqo notoʻgʻridir. Alloh taolo hech qachon yomon ishlar qilgan kimsalarni iymon keltirib, solih amallar qilganlarga oʻxshatib qoʻymaydi. Ularning ikkovilarini bu hayotda ham, oxiratda ham barobar qilib qoʻymaydi. Barobar boʻlsa, adolat qolarmidi? Paygʻambar yuborish, kitob tushirish va dinni joriy qilishning keragi boʻlarmidi?)

  22. 22

    وَخَلَقَ ٱللَّهُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضَ بِٱلْحَقِّ وَلِتُجْزَىٰ كُلُّ نَفْسٍۭ بِمَا كَسَبَتْ وَهُمْ لَا يُظْلَمُونَ

    Alloh osmonlaru yerni haq ila, har bir jon qilgan kasbiga yarasha, zulm qilinmagan holida jazosini (mukofotini) olishi uchun yaratgan.

  23. 23

    أَفَرَءَيْتَ مَنِ ٱتَّخَذَ إِلَٰهَهُۥ هَوَىٰهُ وَأَضَلَّهُ ٱللَّهُ عَلَىٰ عِلْمٍۢ وَخَتَمَ عَلَىٰ سَمْعِهِۦ وَقَلْبِهِۦ وَجَعَلَ عَلَىٰ بَصَرِهِۦ غِشَٰوَةًۭ فَمَن يَهْدِيهِ مِنۢ بَعْدِ ٱللَّهِ ۚ أَفَلَا تَذَكَّرُونَ

    Ayting-chi, havoi nafsini iloh qilib olgan, Alloh uni bilib turib zalolatga solgan va qulogʻiga hamda qalbiga muhr bosib, koʻziga parda tortib qoʻygan kimsani Allohdan boshqa kim hidoyat qila oladi?! Eslamaysizlarmi?!

  24. 24

    وَقَالُوا۟ مَا هِىَ إِلَّا حَيَاتُنَا ٱلدُّنْيَا نَمُوتُ وَنَحْيَا وَمَا يُهْلِكُنَآ إِلَّا ٱلدَّهْرُ ۚ وَمَا لَهُم بِذَٰلِكَ مِنْ عِلْمٍ ۖ إِنْ هُمْ إِلَّا يَظُنُّونَ

    Ular: «U(hayot) faqat bu dunyodagi hayotimizdir. Oʻlamiz, tirilamiz, bizni faqat zamon halok qiladi», derlar. Ularning bu haqda ilmlari yoʻq. Ular faqat gumon qiladilar, xolos. (Bular dahriylardir, bizni faqat dahr(zamon) oʻldiradi, deganlari uchun shu nomni olganlar. Ular oʻlgandan keyin qayta tirilishni inkor etadilar.)

  25. 25

    وَإِذَا تُتْلَىٰ عَلَيْهِمْ ءَايَٰتُنَا بَيِّنَٰتٍۢ مَّا كَانَ حُجَّتَهُمْ إِلَّآ أَن قَالُوا۟ ٱئْتُوا۟ بِـَٔابَآئِنَآ إِن كُنتُمْ صَٰدِقِينَ

    Ularga ochiq-oydin oyatlarimiz tilovat qilingan chogʻda: «Agar rostgoʻy boʻlsangiz, ota-bobolarimizni keltiring-chi?!» deyishdan boshqa hujjatlari boʻlmas.

  26. 26

    قُلِ ٱللَّهُ يُحْيِيكُمْ ثُمَّ يُمِيتُكُمْ ثُمَّ يَجْمَعُكُمْ إِلَىٰ يَوْمِ ٱلْقِيَٰمَةِ لَا رَيْبَ فِيهِ وَلَٰكِنَّ أَكْثَرَ ٱلنَّاسِ لَا يَعْلَمُونَ

    Sen: «Alloh sizlarni tiriltirur, soʻngra oʻldirur, soʻngra sizlarni (boʻlishida) shubha yoʻq qiyomat kunida jamlar. Lekin odamlarning koʻplari bilmaslar», deb ayt.

  27. 27

    وَلِلَّهِ مُلْكُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ۚ وَيَوْمَ تَقُومُ ٱلسَّاعَةُ يَوْمَئِذٍۢ يَخْسَرُ ٱلْمُبْطِلُونَ

    Va osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. Qiyomat soati qoim boʻladigan kunda, oʻsha kunda botilchilar ziyon torturlar.

  28. 28

    وَتَرَىٰ كُلَّ أُمَّةٍۢ جَاثِيَةًۭ ۚ كُلُّ أُمَّةٍۢ تُدْعَىٰٓ إِلَىٰ كِتَٰبِهَا ٱلْيَوْمَ تُجْزَوْنَ مَا كُنتُمْ تَعْمَلُونَ

    Har bir ummatni tiz choʻkkan holida koʻrursan. Har bir ummat oʻz nomai amaliga chaqirilur: «Bugungi kunda qilib yurgan amallaringiz boʻyicha jazo (yoki mukofot) olursiz», (deyilur). (Yaʼni, qiyomat kunining dahshati kuchliligidan u kuni har bir ummatning choʻkalanib qolgan holi koʻriladi. Oʻsha kunda har bir ummatga, har bir shaxsga, bu dunyoda qilgan amallari yozib borilgan kitob koʻrsatiladi.)

  29. 29

    هَٰذَا كِتَٰبُنَا يَنطِقُ عَلَيْكُم بِٱلْحَقِّ ۚ إِنَّا كُنَّا نَسْتَنسِخُ مَا كُنتُمْ تَعْمَلُونَ

    «Mana bu kitobimiz sizga haqni nutq qilur. Albatta, Biz qilgan amalingizni yozib turgan edik» (deyilur). (Yaʼni, mana bu nomayi amal kitobi faqat haqiqatni aytadi. Undagi barcha gap rostdir, yolgʻoni yoʻq. U dunyoda nima amal qilsangiz, oʻshani oʻz vaqtida aniq yozib turgan edik. Endi shu asosda hisob-kitob etamiz.)

  30. 30

    فَأَمَّا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّٰلِحَٰتِ فَيُدْخِلُهُمْ رَبُّهُمْ فِى رَحْمَتِهِۦ ۚ ذَٰلِكَ هُوَ ٱلْفَوْزُ ٱلْمُبِينُ

    Bas, iymon keltirib solih amallarni qilganlarni Robbilari Oʻz rahmatiga kiritur. Ana oʻshaning oʻzi ochiq-oydin yutuqdir.

  31. 31

    وَأَمَّا ٱلَّذِينَ كَفَرُوٓا۟ أَفَلَمْ تَكُنْ ءَايَٰتِى تُتْلَىٰ عَلَيْكُمْ فَٱسْتَكْبَرْتُمْ وَكُنتُمْ قَوْمًۭا مُّجْرِمِينَ

    Ammo kufr keltirganlarga esa: «Axir sizga Mening oyatlarim tilovat qilinmaganmidi?! Bas, siz mutakabbirlik qildingiz va jinoyatchi qavm boʻldingiz.

  32. 32

    وَإِذَا قِيلَ إِنَّ وَعْدَ ٱللَّهِ حَقٌّۭ وَٱلسَّاعَةُ لَا رَيْبَ فِيهَا قُلْتُم مَّا نَدْرِى مَا ٱلسَّاعَةُ إِن نَّظُنُّ إِلَّا ظَنًّۭا وَمَا نَحْنُ بِمُسْتَيْقِنِينَ

    Vaqtiki: «Albatta, Allohning vaʼdasi haqdir va (Qiyomat) soatida shubha yoʻqdir», deyilsa, «Qiyomat soati nima ekanini bilmasmiz. Biz faqat gumon qilamiz, xolos. Biz aniq ishonguvchi emasmiz, dedingiz», (deyilur). (Endi holingizga nima boʻldi? Allohning vaʼdasi haq ekanmi? Qiyomat soati qoim boʻlar ekanmi? U haqidagi gaplaringiz gumondan boshqa gap emasligini bildingizmi?)

  33. 33

    وَبَدَا لَهُمْ سَيِّـَٔاتُ مَا عَمِلُوا۟ وَحَاقَ بِهِم مَّا كَانُوا۟ بِهِۦ يَسْتَهْزِءُونَ

    Va ularga qilgan amallarining yomonliklari oʻzlariga ayon boʻldi va ularni oʻzlari istehzo qilib yurgan narsa oʻrab oldi. Ularga kufr va isyonlari uchun beriladigan jazo aniq koʻrindi va oʻzlaricha, oxirat azobi ham boʻlarmidi, deb istehzo qilib yurgan azob ularni oʻrab oldi.

  34. 34

    وَقِيلَ ٱلْيَوْمَ نَنسَىٰكُمْ كَمَا نَسِيتُمْ لِقَآءَ يَوْمِكُمْ هَٰذَا وَمَأْوَىٰكُمُ ٱلنَّارُ وَمَا لَكُم مِّن نَّٰصِرِينَ

    «Bugungi kunda xuddi siz ushbu kuningizga roʻbaroʻ boʻlishni unutganingizdek, Biz ham sizni unuturmiz. Joyingiz jahannamdir va sizlarga hech yordamchilar yoʻq.

  35. 35

    ذَٰلِكُم بِأَنَّكُمُ ٱتَّخَذْتُمْ ءَايَٰتِ ٱللَّهِ هُزُوًۭا وَغَرَّتْكُمُ ٱلْحَيَوٰةُ ٱلدُّنْيَا ۚ فَٱلْيَوْمَ لَا يُخْرَجُونَ مِنْهَا وَلَا هُمْ يُسْتَعْتَبُونَ

    Bunday boʻlishingiz, albatta, sizning Allohning oyatlarini masxara qilib olganingiz va sizni dunyo hayoti gʻururga ketkazgani uchundir», deyildi. Bas, bugungi kunda ular u(jahannam)dan chiqarilmaslar va ular itobga ham qaytarilmaslar. Jahanam azobida qiynalib turgan kofiru osiylarga aytiladigan bu gaplar, ular uchun juda ham ogʻir maʼnaviy azob boʻladi. Yaʼni, siz yorugʻ dunyoda qiyomat kuniga roʻbaroʻ boʻlishni qanday unutgan boʻlsangiz, biz ham sizni shunday unutamiz. Yaʼni, sizga rahm qilishni unutamiz.

  36. 36

    فَلِلَّهِ ٱلْحَمْدُ رَبِّ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَرَبِّ ٱلْأَرْضِ رَبِّ ٱلْعَٰلَمِينَ

    Bas, barcha hamd osmonlarning Robbiga, yerning Robbiga va olamlarning Robbigadir.

  37. 37

    وَلَهُ ٱلْكِبْرِيَآءُ فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ۖ وَهُوَ ٱلْعَزِيزُ ٱلْحَكِيمُ

    Osmonlaru yerdagi ulugʻlik Unikidir. U zot azizu hakimdir.

Arabcha: Tanzil Usmoniy matni. Tarjima va audio bepul Al Quran Cloud / Islamic Network xizmatlari orqali. Tafsir ochiq Tafsir API orqali.