Asosiy qismga oʻtish
Sunni Islam Yoʻl-yoʻriq, ibodat vositalari va ishonchli manbalar

Sura 35 · Makkiy · 45 Oyatlar

Sura Fotir

Yaratuvchi

سورة فاطر
Uzluksiz tinglash

بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

  1. 1

    ٱلْحَمْدُ لِلَّهِ فَاطِرِ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ جَاعِلِ ٱلْمَلَٰٓئِكَةِ رُسُلًا أُو۟لِىٓ أَجْنِحَةٍۢ مَّثْنَىٰ وَثُلَٰثَ وَرُبَٰعَ ۚ يَزِيدُ فِى ٱلْخَلْقِ مَا يَشَآءُ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍۢ قَدِيرٌۭ

    Hamdu sano osmonlaru yerni yoʻqdan bor qilgan, farishtalarni ikki, uch, toʻrt qanotli elchilar qilgan Allohga boʻlsin. U zot maxluqotlarda nimani xohlasa, ziyoda qiladir. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir. (Farishtalar Alloh yaratgan oʻziga xos zotlardir. Bu oyatda ular ikki, uch, toʻrt qanotli boʻlishlari haqida gap ketmoqda.)

  2. 2

    مَّا يَفْتَحِ ٱللَّهُ لِلنَّاسِ مِن رَّحْمَةٍۢ فَلَا مُمْسِكَ لَهَا ۖ وَمَا يُمْسِكْ فَلَا مُرْسِلَ لَهُۥ مِنۢ بَعْدِهِۦ ۚ وَهُوَ ٱلْعَزِيزُ ٱلْحَكِيمُ

    Alloh odamlarga ne rahmatni ochsa, bas, uni tutib qolguvchi boʻlmas. U zot tutib qolgan narsani Undan keyin qoʻyib yuborguvchi boʻlmas. U zot azizu hakiymdir. (Alloh bergan neʼmatini birov man qila olmaydi. Shuning uchun xotirni jam qilish kerak. Allohga iymon keltirib, koʻrsatgan yoʻldan yurish lozim.)

  3. 3

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱذْكُرُوا۟ نِعْمَتَ ٱللَّهِ عَلَيْكُمْ ۚ هَلْ مِنْ خَٰلِقٍ غَيْرُ ٱللَّهِ يَرْزُقُكُم مِّنَ ٱلسَّمَآءِ وَٱلْأَرْضِ ۚ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ ۖ فَأَنَّىٰ تُؤْفَكُونَ

    Ey odamlar! Allohning sizga bergan neʼmatlarini eslang! Allohdan boshqa sizlarga osmon va yerdan rizq beradigan xoliq bormi? Undan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻq. Bas, qayon ketmoqdasiz?!

  4. 4

    وَإِن يُكَذِّبُوكَ فَقَدْ كُذِّبَتْ رُسُلٌۭ مِّن قَبْلِكَ ۚ وَإِلَى ٱللَّهِ تُرْجَعُ ٱلْأُمُورُ

    Agar seni yolgʻonchiga chiqarsalar, bas, sendan oldin ham Paygʻambarlar yolgʻonchi qilinganlar. Barcha ishlar Allohga qaytarilur.

  5. 5

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِنَّ وَعْدَ ٱللَّهِ حَقٌّۭ ۖ فَلَا تَغُرَّنَّكُمُ ٱلْحَيَوٰةُ ٱلدُّنْيَا ۖ وَلَا يَغُرَّنَّكُم بِٱللَّهِ ٱلْغَرُورُ

    Ey odamlar! Albatta, Allohning vaʼdasi haqdir. Bu dunyo hayoti sizlarni gʻururga ketkazmasin. Sizlarni oʻta gʻururga ketkazguvchi Alloh haqida aldab qoʻymasin. (Shayton odamlarni oʻta gʻururga ketkazadi va aldaydi. Yaʼni, hech narsaga parvo qilma, Allohning Oʻzi kechirguvchi, deb odamlarni gunoh ishlarga chorlaydi. Alloh taoloning avf etishi va magʻfirat qilishini suisteʼmol etib, Alloh Oʻzi kechirar, deb har xil gunohlarga qoʻl uraverish naqadar yomon shaytoniy ish ekanini esdan chiqarmaslik zarur.)

  6. 6

    إِنَّ ٱلشَّيْطَٰنَ لَكُمْ عَدُوٌّۭ فَٱتَّخِذُوهُ عَدُوًّا ۚ إِنَّمَا يَدْعُوا۟ حِزْبَهُۥ لِيَكُونُوا۟ مِنْ أَصْحَٰبِ ٱلسَّعِيرِ

    Albatta, shayton sizga dushmandir. Bas, uni dushman tuting. U oʻz guruhini faqat oʻta qizigan doʻzaxga ega boʻlishlariga chaqiradi. (Shaytonning insonga dushmanlik qilishiga ajablanmasa ham boʻladi. Lekin ajablanarlisi shuki, inson shaytonni oʻziga doʻst tutib yuradi. Shayton oʻzining eng katta dushmani ekanini koʻra bila turib, uning aytganini qiladi. Uning igʻvosiga uchadi, yolgʻoniga aldanadi.)

  7. 7

    ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ لَهُمْ عَذَابٌۭ شَدِيدٌۭ ۖ وَٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّٰلِحَٰتِ لَهُم مَّغْفِرَةٌۭ وَأَجْرٌۭ كَبِيرٌ

    Kufr keltirganlarga shiddatli azob bordir. Iymon keltirib, solih amallarni qilganlarga magʻfirat va ulkan ajr bordir.

  8. 8

    أَفَمَن زُيِّنَ لَهُۥ سُوٓءُ عَمَلِهِۦ فَرَءَاهُ حَسَنًۭا ۖ فَإِنَّ ٱللَّهَ يُضِلُّ مَن يَشَآءُ وَيَهْدِى مَن يَشَآءُ ۖ فَلَا تَذْهَبْ نَفْسُكَ عَلَيْهِمْ حَسَرَٰتٍ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلِيمٌۢ بِمَا يَصْنَعُونَ

    Axir, qilgan yomon amali oʻziga ziynatlab koʻrsatilib, uni goʻzal deb bilgan odam?! Albatta, Alloh xohlagan kimsani zalolatga ketkazur, xohlagan kimsani hidoyatga solur. Bas, ularga joning hasrat-la achinmasin. Albatta, Alloh nima qilayotganlarini yaxshi bilguvchidir. (Shaytonning malayiga aylangan odamga oʻzining har bir yomon ishi ziynatli koʻrinadi. U oʻzidan oʻzi ajablanib, qilgan ishi oʻziga zoʻr koʻringan sari haddan oshib boraveradi.)

  9. 9

    وَٱللَّهُ ٱلَّذِىٓ أَرْسَلَ ٱلرِّيَٰحَ فَتُثِيرُ سَحَابًۭا فَسُقْنَٰهُ إِلَىٰ بَلَدٍۢ مَّيِّتٍۢ فَأَحْيَيْنَا بِهِ ٱلْأَرْضَ بَعْدَ مَوْتِهَا ۚ كَذَٰلِكَ ٱلنُّشُورُ

    Alloh shamollarni yuborgan zotdir. Bas, ular bulutni qoʻzgʻatur. Biz uni oʻlik yurt tomon haydab, u bilan yerni oʻlib yotganidan keyin tiriltiramiz. Tirilish ham shunga oʻxshashdir.

  10. 10

    مَن كَانَ يُرِيدُ ٱلْعِزَّةَ فَلِلَّهِ ٱلْعِزَّةُ جَمِيعًا ۚ إِلَيْهِ يَصْعَدُ ٱلْكَلِمُ ٱلطَّيِّبُ وَٱلْعَمَلُ ٱلصَّٰلِحُ يَرْفَعُهُۥ ۚ وَٱلَّذِينَ يَمْكُرُونَ ٱلسَّيِّـَٔاتِ لَهُمْ عَذَابٌۭ شَدِيدٌۭ ۖ وَمَكْرُ أُو۟لَٰٓئِكَ هُوَ يَبُورُ

    Kimki izzat istasa, bas, barcha izzat Allohnikidir. Unga xush kalomlar yuksalur va solih amal koʻtarur uni. Makr ila yomonliklar qilganlarga shiddatli azob bordir. Ana oʻshalarning makri botil boʻlur. (Xush kalom–kalimai shahodat, «alhamdulilloh», «subhanallohi», «Allohu Akbar» va zikr, duo, tilovat hamda barcha yaxshi gap-soʻzlardir. Ana oʻsha xush kalomgina Alloh taoloning huzuriga koʻtariladi.)

  11. 11

    وَٱللَّهُ خَلَقَكُم مِّن تُرَابٍۢ ثُمَّ مِن نُّطْفَةٍۢ ثُمَّ جَعَلَكُمْ أَزْوَٰجًۭا ۚ وَمَا تَحْمِلُ مِنْ أُنثَىٰ وَلَا تَضَعُ إِلَّا بِعِلْمِهِۦ ۚ وَمَا يُعَمَّرُ مِن مُّعَمَّرٍۢ وَلَا يُنقَصُ مِنْ عُمُرِهِۦٓ إِلَّا فِى كِتَٰبٍ ۚ إِنَّ ذَٰلِكَ عَلَى ٱللَّهِ يَسِيرٌۭ

    Alloh sizlarni tuproqdan, soʻngra nutfadan yaratib, keyin juft-juft qilib qoʻydi. Qaysi bir urgʻochi nimaga homilador boʻlsa, nimani tugʻsa, faqat Uning ilmi bilan boʻlur. Har bir umr koʻrguvchiga umr berilishi yoki uning umrining qisqartilishi albatta kitobda bordir. Albatta, bu Allohga osondir. (Jon, hayot deb nomlangan bu narsaning asli qanday, mohiyati nima, bilib boʻlmaydi. Buni faqat Alloh taoloning Oʻzi biladi. Ushbu haqiqatni insof bilan taammul qilgan har bir inson Allohga iymon keltirishi kerak.)

  12. 12

    وَمَا يَسْتَوِى ٱلْبَحْرَانِ هَٰذَا عَذْبٌۭ فُرَاتٌۭ سَآئِغٌۭ شَرَابُهُۥ وَهَٰذَا مِلْحٌ أُجَاجٌۭ ۖ وَمِن كُلٍّۢ تَأْكُلُونَ لَحْمًۭا طَرِيًّۭا وَتَسْتَخْرِجُونَ حِلْيَةًۭ تَلْبَسُونَهَا ۖ وَتَرَى ٱلْفُلْكَ فِيهِ مَوَاخِرَ لِتَبْتَغُوا۟ مِن فَضْلِهِۦ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ

    Daryo-dengiz ikkisi teng boʻla olmas. Bunisi totli, chanqoq bosar, ichish osondir. Bunisi esa shoʻr, taxirdir. Siz har biridan toza goʻsht yeysiz va taqinchoq chiqarib taqursiz. Va Uning fazlidan talab qilishingiz uchun u(suv)ni yorib ketayotgan kemalarni koʻrursiz. Shoyadki, shukr qilsangiz. (Allohning qudratini suv olamida ham yaqqol koʻrsa boʻladi. Daryo-dengizlarda Allohning qudratiga dalolat qiluvchi koʻplab oyat-belgilar boʻlishi turgan gap. Albatta, dengiz va daryolar, ulardagi toza goʻsht, taqinchoq va boshqa neʼmatlar, ular uzra kema bilan suzib tijorat va boshqa maqsadlar yoʻlida foydalanish inson uchun Allohning ulugʻ neʼmati boʻlib, ularga shukr qilish lozim. Iymonsiz esa, noshukr boʻladi.)

  13. 13

    يُولِجُ ٱلَّيْلَ فِى ٱلنَّهَارِ وَيُولِجُ ٱلنَّهَارَ فِى ٱلَّيْلِ وَسَخَّرَ ٱلشَّمْسَ وَٱلْقَمَرَ كُلٌّۭ يَجْرِى لِأَجَلٍۢ مُّسَمًّۭى ۚ ذَٰلِكُمُ ٱللَّهُ رَبُّكُمْ لَهُ ٱلْمُلْكُ ۚ وَٱلَّذِينَ تَدْعُونَ مِن دُونِهِۦ مَا يَمْلِكُونَ مِن قِطْمِيرٍ

    U zot kechani kunduzga, kunduzni kechaga kiritur, quyosh va oyni beminnat xizmatkor qilib qoʻygandir. Har biri belgilangan muddatgacha yuradir. Ana shu Alloh–Robbingizdir. Mulk Unikidir. Undan oʻzga iltijo qilayotganlaringiz esa, danak poʻstlogʻiga ham molik emaslar. (Arablarda hech narsaga arzimas va qadrsiz narsani xurmo danagi ustidagi oʻta yupqa poʻstloqqa oʻxshatish odati bor. Qurʼoni Karim ham oyatlarni ilk qabul qilib olayotgan shu xalqning zehniga oson oʻrnashtirish uchun mazkur oʻxshatishdan foydalanib, mushriklar oʻzlaricha ibodat etib yurgan soxta xudolari oʻsha xaqir poʻstloqcha narsaga ham molik emasliklarini taʼkidlamoqda. Ular hech narsaga ega emaslar, ularning hukmi hech joyda oʻtmaydi, deyilmoqda.)

  14. 14

    إِن تَدْعُوهُمْ لَا يَسْمَعُوا۟ دُعَآءَكُمْ وَلَوْ سَمِعُوا۟ مَا ٱسْتَجَابُوا۟ لَكُمْ ۖ وَيَوْمَ ٱلْقِيَٰمَةِ يَكْفُرُونَ بِشِرْكِكُمْ ۚ وَلَا يُنَبِّئُكَ مِثْلُ خَبِيرٍۢ

    Agar ularga duo qilsangiz, duoingizni eshitmaslar. Gap eshitsalar ham, sizga javob bera olmaslar. Qiyomat kuni esa, sizning ularni shirk keltirganingizni inkor eturlar. Oʻta xabardor zotdek hech kim senga xabar bera olmas.

  15. 15

    ۞ يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ أَنتُمُ ٱلْفُقَرَآءُ إِلَى ٱللَّهِ ۖ وَٱللَّهُ هُوَ ٱلْغَنِىُّ ٱلْحَمِيدُ

    Ey odamlar! Sizlar Allohga muhtojdirsiz. Alloh esa, Oʻzi behojat va maqtalgan zotdir.

  16. 16

    إِن يَشَأْ يُذْهِبْكُمْ وَيَأْتِ بِخَلْقٍۢ جَدِيدٍۢ

    Agar U zot xohlasa, sizni ketkazib, yangi bir xalqni keltirur.

  17. 17

    وَمَا ذَٰلِكَ عَلَى ٱللَّهِ بِعَزِيزٍۢ

    Va bu Alloh uchun qiyin emas.

  18. 18

    وَلَا تَزِرُ وَازِرَةٌۭ وِزْرَ أُخْرَىٰ ۚ وَإِن تَدْعُ مُثْقَلَةٌ إِلَىٰ حِمْلِهَا لَا يُحْمَلْ مِنْهُ شَىْءٌۭ وَلَوْ كَانَ ذَا قُرْبَىٰٓ ۗ إِنَّمَا تُنذِرُ ٱلَّذِينَ يَخْشَوْنَ رَبَّهُم بِٱلْغَيْبِ وَأَقَامُوا۟ ٱلصَّلَوٰةَ ۚ وَمَن تَزَكَّىٰ فَإِنَّمَا يَتَزَكَّىٰ لِنَفْسِهِۦ ۚ وَإِلَى ٱللَّهِ ٱلْمَصِيرُ

    Oʻzi yukli jon oʻzga jonning yukini koʻtara olmas. Yuki ogʻir jon oʻz yukiga (boshqani) chaqirsa-da, undan hech bir narsa koʻtarilmas. Garchi (chaqirilgan) qarindosh boʻlsa ham. Sen faqat gʻaybdagi Robbilaridan qoʻrqadigan va namozni toʻkis ado etganlarni ogohlantirursan. Kim poklansa, Oʻzi uchun poklanur. Qaytish Allohgadir. (Qiyomat kunida gunohi koʻp jon uni yengillatish maqsadida eng yaqin qarindoshini yordamga chaqirsa ham, uning gunohidan biror narsa koʻtarilmaydi. Chunki yaqin qarindoshning oʻzi yukini koʻtara olmay xunob boʻlayotgan boʻladi. Kofir ham, moʻmin ham faqat Allohga qaytadi. Boshqaga emas. Ana oʻshanda Alloh taolo oʻzi bilib hisob-kitob qiladi. Kofir va osiy jazosini, moʻmin-musulmon mukofotini oladi.)

  19. 19

    وَمَا يَسْتَوِى ٱلْأَعْمَىٰ وَٱلْبَصِيرُ

    Koʻr bilan koʻzi ochiq teng boʻlmas.

  20. 20

    وَلَا ٱلظُّلُمَٰتُ وَلَا ٱلنُّورُ

    Zulumotlar bilan nur ham.

  21. 21

    وَلَا ٱلظِّلُّ وَلَا ٱلْحَرُورُ

    Soya bilan jazirama ham.

  22. 22

    وَمَا يَسْتَوِى ٱلْأَحْيَآءُ وَلَا ٱلْأَمْوَٰتُ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُسْمِعُ مَن يَشَآءُ ۖ وَمَآ أَنتَ بِمُسْمِعٍۢ مَّن فِى ٱلْقُبُورِ

    Tiriklar bilan oʻliklar teng boʻlmas. Albatta, Alloh xohlagan kimsaga eshittirur. Sen qabrlardagi kimsalarga eshittirguvchi emassan. (Iymon hayotdir. Kufr oʻlimdir. Moʻminlar tiriklardir, kofirlar oʻliklardir. Tiriklar bilan oʻliklar teng boʻlmaganidek, moʻminlar bilan kofirlar ham teng boʻlmaydilar.)

  23. 23

    إِنْ أَنتَ إِلَّا نَذِيرٌ

    Sen faqat ogohlantirguvchisan, xolos.

  24. 24

    إِنَّآ أَرْسَلْنَٰكَ بِٱلْحَقِّ بَشِيرًۭا وَنَذِيرًۭا ۚ وَإِن مِّنْ أُمَّةٍ إِلَّا خَلَا فِيهَا نَذِيرٌۭ

    Albatta, Biz seni haq ila xushxabarchi va ogohlantirguvchi etib yubordik. Qaysi bir ummatki boʻlsa, unda ogohlantirguvchi boʻlgan. (Ey Paygʻambar, albatta, Biz seni haq din va haq kitob ila moʻminlarga xushxabarchi, kofirlarga ogohlantiruvchi–qoʻrqituvchi qilib yubordik. Sening Paygʻambar boʻlishing ajablanarli ish emas, yangilik ham emas.)

  25. 25

    وَإِن يُكَذِّبُوكَ فَقَدْ كَذَّبَ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ جَآءَتْهُمْ رُسُلُهُم بِٱلْبَيِّنَٰتِ وَبِٱلزُّبُرِ وَبِٱلْكِتَٰبِ ٱلْمُنِيرِ

    Agar seni yolgʻonchi qilsalar, bas, batahqiq, ulardan oldin oʻtganlar ham yolgʻonchi qilganlar. Holbuki, Paygʻambarlari ularga ravshan moʻʼjizalar, sahifalar va nurli kitob keltirgan edilar. (Seni ham, oʻtgan Paygʻambarlarni ham inkor etishga kofirlarning haqlari yoʻq edi. Oʻsha Paygʻambarlar oʻzlarining haq Paygʻambar ekanliklari tasdigʻi sifatida Alloh tomonidan ravshan, ochiq-oydin moʻʼjizalar koʻrsatgan edilar. Baʼzilari ilohiy kitob darajasiga yetmagan sahifalar, baʼzilari nurli kitob keltirgan edi.)

  26. 26

    ثُمَّ أَخَذْتُ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ ۖ فَكَيْفَ كَانَ نَكِيرِ

    Soʻngra kufr keltirganlarni tutdim. Bas, Mening inkorim qandoq boʻldi?!

  27. 27

    أَلَمْ تَرَ أَنَّ ٱللَّهَ أَنزَلَ مِنَ ٱلسَّمَآءِ مَآءًۭ فَأَخْرَجْنَا بِهِۦ ثَمَرَٰتٍۢ مُّخْتَلِفًا أَلْوَٰنُهَا ۚ وَمِنَ ٱلْجِبَالِ جُدَدٌۢ بِيضٌۭ وَحُمْرٌۭ مُّخْتَلِفٌ أَلْوَٰنُهَا وَغَرَابِيبُ سُودٌۭ

    Allohning osmondan suv tushirganini koʻrmadingmi? Bas, u ila turli ranglardagi mevalarni va togʻlardan ham yoʻl-yoʻl, oq hamda qizilning turli ranglarini va qop-qoralarini chiqardik.

  28. 28

    وَمِنَ ٱلنَّاسِ وَٱلدَّوَآبِّ وَٱلْأَنْعَٰمِ مُخْتَلِفٌ أَلْوَٰنُهُۥ كَذَٰلِكَ ۗ إِنَّمَا يَخْشَى ٱللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ ٱلْعُلَمَٰٓؤُا۟ ۗ إِنَّ ٱللَّهَ عَزِيزٌ غَفُورٌ

    Shuningdek, odamlardan, hayvonlardan va chorvalardan ham turli ranglardagilarini chiqardik. Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qoʻrqarlar. Albatta, Alloh aziz va oʻta magʻfiratli zotdir. (Alloh taoloning qudratini his etib, ularning yaratuvchisi borligini anglab yetib, aqli bilan Allohni topgan va undan qoʻrqqan odamgina olim hisoblanadi. Ammo mazkur maxluqotlarning tarixi, tuzulishi, tarkibidagi moddalari, xususiyatlari va boshqa turli maʼlumotlarini toʻliq oʻrganib, ularni yaratgan zot Allohni tanimagan va undan qoʻrqmagan odam oʻta johil hisoblanadi.)

  29. 29

    إِنَّ ٱلَّذِينَ يَتْلُونَ كِتَٰبَ ٱللَّهِ وَأَقَامُوا۟ ٱلصَّلَوٰةَ وَأَنفَقُوا۟ مِمَّا رَزَقْنَٰهُمْ سِرًّۭا وَعَلَانِيَةًۭ يَرْجُونَ تِجَٰرَةًۭ لَّن تَبُورَ

    Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni toʻkis ado etib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor boʻlurlar.

  30. 30

    لِيُوَفِّيَهُمْ أُجُورَهُمْ وَيَزِيدَهُم مِّن فَضْلِهِۦٓ ۚ إِنَّهُۥ غَفُورٌۭ شَكُورٌۭ

    Chunki U zot ularga ajrlarini toʻliq qilib berur va Oʻz fazlidan ziyoda ham qilur. Albatta, U oʻta magʻfiratli va oʻta shukr qilguvchidir.

  31. 31

    وَٱلَّذِىٓ أَوْحَيْنَآ إِلَيْكَ مِنَ ٱلْكِتَٰبِ هُوَ ٱلْحَقُّ مُصَدِّقًۭا لِّمَا بَيْنَ يَدَيْهِ ۗ إِنَّ ٱللَّهَ بِعِبَادِهِۦ لَخَبِيرٌۢ بَصِيرٌۭ

    Biz senga vahiy qilgan kitob ayni haqdir, oʻzidan oldingi narsani tasdiqlovchi boʻlgandir. Albatta, Alloh Oʻz bandalaridan oʻta xabardor va ularni oʻta koʻrguvchidir.

  32. 32

    ثُمَّ أَوْرَثْنَا ٱلْكِتَٰبَ ٱلَّذِينَ ٱصْطَفَيْنَا مِنْ عِبَادِنَا ۖ فَمِنْهُمْ ظَالِمٌۭ لِّنَفْسِهِۦ وَمِنْهُم مُّقْتَصِدٌۭ وَمِنْهُمْ سَابِقٌۢ بِٱلْخَيْرَٰتِ بِإِذْنِ ٱللَّهِ ۚ ذَٰلِكَ هُوَ ٱلْفَضْلُ ٱلْكَبِيرُ

    Soʻngra bu kitobni Oʻz bandalarimizdan tanlab olganlarimizga meros qildik. Bas, ulardan oʻziga oʻzi zulm qiluvchilari bor, ulardan oʻrtachalari bor va ulardan Allohning izni ila yaxshiliklarga oʻzuvchilar ham bor. Ana shu ayni ulugʻ fazldir. (Alloh taolo Oʻzining boqiy moʻʼjizasi boʻlmish haq kitobi–Qurʼoni Karimni Muhammadning (s. a. v.) ummatiga meros qilib berdi. Bu inoyatda shon-sharaf ham, juda ulkan masʼuliyat ham bor. Ular oʻsha shon-sharafga nomunosib va zimmasidagi masʼuliyatni anglab yetmagan osiylardir. Bu toifadagi odamlarning yomonliklari yaxshiliklaridan koʻp boʻlgan Ular oʻzlariga ishonib topshirilgan haq kitobga munosib boʻla olmay oʻzlariga oʻzlari zulm qilganlardir. Ulamolarimiz «oʻrtachalar»–farz va vojib amallarni ado etadigan, haromlardan uzoq boʻlgan, baʼzi mustahablarni tark etib, baʼzi makruhlarni qilgan kishilardir, deydilar. Ular barcha farz, vojib va sunnat amallarni toʻliq ado etadilar. Barcha harom, shubhali va makruh amallardan uzoqda boʻladilar. Buning ustiga nomiga yaxshilik boʻlsa, hammadan oʻzib yetib boradilar.)

  33. 33

    جَنَّٰتُ عَدْنٍۢ يَدْخُلُونَهَا يُحَلَّوْنَ فِيهَا مِنْ أَسَاوِرَ مِن ذَهَبٍۢ وَلُؤْلُؤًۭا ۖ وَلِبَاسُهُمْ فِيهَا حَرِيرٌۭ

    Ular adn jannatlariga kirurlar. Unda tillo bilakuzuklar va injular ila bezatilajaklar. Unda liboslari ipakdir.

  34. 34

    وَقَالُوا۟ ٱلْحَمْدُ لِلَّهِ ٱلَّذِىٓ أَذْهَبَ عَنَّا ٱلْحَزَنَ ۖ إِنَّ رَبَّنَا لَغَفُورٌۭ شَكُورٌ

    Ular: «Bizdan gʻam-qaygʻuni ketkazgan Allohga hamdu sano boʻlsin. Albatta, Robbimiz oʻta magʻfiratli va oʻta shukr qilguvchidir.

  35. 35

    ٱلَّذِىٓ أَحَلَّنَا دَارَ ٱلْمُقَامَةِ مِن فَضْلِهِۦ لَا يَمَسُّنَا فِيهَا نَصَبٌۭ وَلَا يَمَسُّنَا فِيهَا لُغُوبٌۭ

    U zot bizlarni Oʻz fazli ila bir turar joyga joylashtirdiki, u yerda bizga charchoq ham yetmas, horgʻinlik ham yetmas», derlar.

  36. 36

    وَٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ لَهُمْ نَارُ جَهَنَّمَ لَا يُقْضَىٰ عَلَيْهِمْ فَيَمُوتُوا۟ وَلَا يُخَفَّفُ عَنْهُم مِّنْ عَذَابِهَا ۚ كَذَٰلِكَ نَجْزِى كُلَّ كَفُورٍۢ

    Kufr keltirganlarga jahannam otashi bordir. Ularga na oʻlishlari uchun hukm qilinmas va na ulardan u (jahannam)ning azobidan yengillatilmas. Har bir kofirni shundoq jazolarmiz.

  37. 37

    وَهُمْ يَصْطَرِخُونَ فِيهَا رَبَّنَآ أَخْرِجْنَا نَعْمَلْ صَٰلِحًا غَيْرَ ٱلَّذِى كُنَّا نَعْمَلُ ۚ أَوَلَمْ نُعَمِّرْكُم مَّا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَن تَذَكَّرَ وَجَآءَكُمُ ٱلنَّذِيرُ ۖ فَذُوقُوا۟ فَمَا لِلظَّٰلِمِينَ مِن نَّصِيرٍ

    Ular u yerda: «Ey Robbimiz! Bizlarni chiqar! Qilib yurgan amallarimizdan boshqa, solih amallar qilurmiz!» deb dodu faryod solurlar. «Sizlarga eslaydigan odam eslagudek umr bermagan edikmi?! Sizlarga ogohlantirguvchi kelmagan edimi?! Bas, endi, totiyveringlar! Zolimlarga hech bir yordamchi yoʻqdir» (deyilur). (Jahannamda shiddatli azoblarga duchor boʻlgan kofirlar chiday olmay Robbul olamiynga yolborishga oʻtadilar.)

  38. 38

    إِنَّ ٱللَّهَ عَٰلِمُ غَيْبِ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ۚ إِنَّهُۥ عَلِيمٌۢ بِذَاتِ ٱلصُّدُورِ

    Albatta, Alloh osmonlaru yerning gʻaybini bilguvchidir. Albatta, U dillardagi sirlarni ham oʻta bilguvchidir. (Shuning uchun ham kofirlarni yuqorida aytilganidek jazolashni lozim koʻrgandir.)

  39. 39

    هُوَ ٱلَّذِى جَعَلَكُمْ خَلَٰٓئِفَ فِى ٱلْأَرْضِ ۚ فَمَن كَفَرَ فَعَلَيْهِ كُفْرُهُۥ ۖ وَلَا يَزِيدُ ٱلْكَٰفِرِينَ كُفْرُهُمْ عِندَ رَبِّهِمْ إِلَّا مَقْتًۭا ۖ وَلَا يَزِيدُ ٱلْكَٰفِرِينَ كُفْرُهُمْ إِلَّا خَسَارًۭا

    U zot sizlarni yer yuzida xalifalar qilib qoʻygandir. Kim kufr keltirsa, uning kofirligi oʻziga zarar. Kofirlar uchun kufrlari Robbilari huzurida gʻazabdan boshqani ziyoda qilmas. Kofirlar uchun kufrlari ziyondan boshqani ziyoda qilmas. (Dunyo paydo boʻlganidan buyon hozirga qadar hech kimga kufr foyda bermagan, aksincha, doimo zarar keltirgan va keltirmoqda.)

  40. 40

    قُلْ أَرَءَيْتُمْ شُرَكَآءَكُمُ ٱلَّذِينَ تَدْعُونَ مِن دُونِ ٱللَّهِ أَرُونِى مَاذَا خَلَقُوا۟ مِنَ ٱلْأَرْضِ أَمْ لَهُمْ شِرْكٌۭ فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ أَمْ ءَاتَيْنَٰهُمْ كِتَٰبًۭا فَهُمْ عَلَىٰ بَيِّنَتٍۢ مِّنْهُ ۚ بَلْ إِن يَعِدُ ٱلظَّٰلِمُونَ بَعْضُهُم بَعْضًا إِلَّا غُرُورًا

    Sen: «Menga Allohdan boshqa iltijo qilayotgan sheriklaringizning xabarini bering-chi?! Menga koʻrsatinglar-chi ular yerda nimani yaratdilar?! Yoki ularning osmonlar (ishida) sherikliklari bormi?! Yoki Biz ularga kitob berganmizu, ular undan biron hujjatga ega boʻlganlarmi?! Yoʻq!!! Zolimlar bir-birlariga aldovdan boshqani vaʼda qilmaslar», deb ayt.

  41. 41

    ۞ إِنَّ ٱللَّهَ يُمْسِكُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضَ أَن تَزُولَا ۚ وَلَئِن زَالَتَآ إِنْ أَمْسَكَهُمَا مِنْ أَحَدٍۢ مِّنۢ بَعْدِهِۦٓ ۚ إِنَّهُۥ كَانَ حَلِيمًا غَفُورًۭا

    Albatta, Alloh osmonlaru yerni qulab tushishlaridan ushlab turur. Agar ular qulaydigan boʻlsalar, Undan oʻzga hech kim ularni ushlab tura olmas. Albatta, U oʻta halim va oʻta magʻfiratli boʻlgan zotdir.

  42. 42

    وَأَقْسَمُوا۟ بِٱللَّهِ جَهْدَ أَيْمَٰنِهِمْ لَئِن جَآءَهُمْ نَذِيرٌۭ لَّيَكُونُنَّ أَهْدَىٰ مِنْ إِحْدَى ٱلْأُمَمِ ۖ فَلَمَّا جَآءَهُمْ نَذِيرٌۭ مَّا زَادَهُمْ إِلَّا نُفُورًا

    Ular jon-jahdlari bilan, agar oʻzlariga ogohlantiruvchi kelsa, har qanday ummatdan koʻra hidoyatli boʻlishlari haqida Alloh nomi ila qasam ichar edilar. Qachonki ogohlantiruvchi kelganida, ularda nafratdan boshqani ziyoda qilmadi. (Arab mushriklari oʻz yurtlarida, xususan, Madinada yahudiylar bilan yonma-yon yashar edilar. Ularning tarixlari va qissalarini eshitgan edilar. Shuningdek, nasorolar ahvolidan ham bir oz boʻlsa-da, xabardor edilar. Bu ikki qavmning oʻzlariga ogohlantiruvchi-Paygʻambarlar kelganidan keyin ham yoʻldan ozib ketganlari arablarni ajablantirar edi. Ular oʻzlaricha, agar bizga ogohlantiruvchi-Paygʻambar kelsa, anavilarga oʻxshab yurmaymiz, oʻsha Paygʻambar keltirgan taʼlimotlarga amal etib, eng hidoyatli ummat boʻlamiz, deb qasam ichar edilar. Oyatda arab mushriklarining oʻsha qasamlari eslatilib, soʻngra nimalar boʻlgani fosh etilmoqda.)

  43. 43

    ٱسْتِكْبَارًۭا فِى ٱلْأَرْضِ وَمَكْرَ ٱلسَّيِّئِ ۚ وَلَا يَحِيقُ ٱلْمَكْرُ ٱلسَّيِّئُ إِلَّا بِأَهْلِهِۦ ۚ فَهَلْ يَنظُرُونَ إِلَّا سُنَّتَ ٱلْأَوَّلِينَ ۚ فَلَن تَجِدَ لِسُنَّتِ ٱللَّهِ تَبْدِيلًۭا ۖ وَلَن تَجِدَ لِسُنَّتِ ٱللَّهِ تَحْوِيلًا

    Yer yuzida mutakabbirlik va yomon makr uchun (qildilar). Yomon makr esa, faqat oʻz egasiga qaytadir. Ular faqat ilgarigilarning sunnatiga intizor boʻlmoqdalar, xolos. Allohning sunnatiga hargiz badal topa olmassan. Allohning sunnatiga hargiz oʻzgartirish topa olmassan. (Oʻzlaridan avval oʻtganlarga qanday muomala qilish odatga aylangan boʻlsa, bularga ham shu qonun joriy qilindi. Ular xuddi ana shu narsani kutmoqdalar, xolos. Oʻshalarga oʻxshab Allohning gʻazabiga uchrab halokatga yoʻliqishni kutmoqdalar, xolos. Chunki ilgari oʻtganlardan qolgan sunnat–qonun shudir.)

  44. 44

    أَوَلَمْ يَسِيرُوا۟ فِى ٱلْأَرْضِ فَيَنظُرُوا۟ كَيْفَ كَانَ عَٰقِبَةُ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ وَكَانُوٓا۟ أَشَدَّ مِنْهُمْ قُوَّةًۭ ۚ وَمَا كَانَ ٱللَّهُ لِيُعْجِزَهُۥ مِن شَىْءٍۢ فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَلَا فِى ٱلْأَرْضِ ۚ إِنَّهُۥ كَانَ عَلِيمًۭا قَدِيرًۭا

    Ular yer yuzida sayr qilib yurib oʻzlaridan oldin oʻtganlarning oqibati qandoq boʻlganiga nazar solmaydilarmi?! Holbuki oʻshalar bulardan koʻra quvvatlari koʻp boʻlgan edilar. Na osmonlarda va na yerda biror narsa Allohni ojiz qoldira olmas. Albatta, U zot oʻta ilmli va oʻta qodirdir.

  45. 45

    وَلَوْ يُؤَاخِذُ ٱللَّهُ ٱلنَّاسَ بِمَا كَسَبُوا۟ مَا تَرَكَ عَلَىٰ ظَهْرِهَا مِن دَآبَّةٍۢ وَلَٰكِن يُؤَخِّرُهُمْ إِلَىٰٓ أَجَلٍۢ مُّسَمًّۭى ۖ فَإِذَا جَآءَ أَجَلُهُمْ فَإِنَّ ٱللَّهَ كَانَ بِعِبَادِهِۦ بَصِيرًۢا

    Agar Alloh odamlarni qilganlariga yarasha oladigan boʻlsa, yer ustida qimir etgan jonivorni qoʻymas edi. Lekin ularni belgilangan muddatgacha qoʻyib qoʻyur. Oʻsha ajallari kelganda esa... Bas, albatta, Alloh bandalarini koʻrib turguvchi zotdir.

Arabcha: Tanzil Usmoniy matni. Tarjima va audio bepul Al Quran Cloud / Islamic Network xizmatlari orqali. Tafsir ochiq Tafsir API orqali.