Asosiy qismga oʻtish
Sunni Islam Yoʻl-yoʻriq, ibodat vositalari va ishonchli manbalar

Sura 23 · Makkiy · 118 Oyatlar

Sura Moʻminun

Moʻminlar

سورة المؤمنون
Uzluksiz tinglash

بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

  1. 1

    قَدْ أَفْلَحَ ٱلْمُؤْمِنُونَ

    Batahqiq, moʻminlar najot topdilar.

  2. 2

    ٱلَّذِينَ هُمْ فِى صَلَاتِهِمْ خَٰشِعُونَ

    Ular namozlarida xushuʼ qiluvchilardir.

  3. 3

    وَٱلَّذِينَ هُمْ عَنِ ٱللَّغْوِ مُعْرِضُونَ

    Ular behuda narsalardan yuz oʻgirguvchilardir.

  4. 4

    وَٱلَّذِينَ هُمْ لِلزَّكَوٰةِ فَٰعِلُونَ

    Ular zakotni ado qilguvchilardir.

  5. 5

    وَٱلَّذِينَ هُمْ لِفُرُوجِهِمْ حَٰفِظُونَ

    Ular farjlarini saqlovchilardir.

  6. 6

    إِلَّا عَلَىٰٓ أَزْوَٰجِهِمْ أَوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَٰنُهُمْ فَإِنَّهُمْ غَيْرُ مَلُومِينَ

    Magar oʻz jufti halollari va qoʻllarida mulk boʻlganlardan (saqlamasalar), albatta, ular malomat qilinuvchi emaslardir.

  7. 7

    فَمَنِ ٱبْتَغَىٰ وَرَآءَ ذَٰلِكَ فَأُو۟لَٰٓئِكَ هُمُ ٱلْعَادُونَ

    Kim ana shundan boshqani talab qilsa, bas, ana oʻshalar tajovuzkorlardir.

  8. 8

    وَٱلَّذِينَ هُمْ لِأَمَٰنَٰتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَٰعُونَ

    Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qilguvchilardir.

  9. 9

    وَٱلَّذِينَ هُمْ عَلَىٰ صَلَوَٰتِهِمْ يُحَافِظُونَ

    Ular namozlarini muhofaza qiluvchilardir.

  10. 10

    أُو۟لَٰٓئِكَ هُمُ ٱلْوَٰرِثُونَ

    Ana oʻshalar voris boʻlguvchilardir.

  11. 11

    ٱلَّذِينَ يَرِثُونَ ٱلْفِرْدَوْسَ هُمْ فِيهَا خَٰلِدُونَ

    Ular Firdavsni meros olurlar, ular unda abadiy qolguvchilardir.

  12. 12

    وَلَقَدْ خَلَقْنَا ٱلْإِنسَٰنَ مِن سُلَٰلَةٍۢ مِّن طِينٍۢ

    Qasamki, batahqiq, insonni loy sulolasidan yaratdik.

  13. 13

    ثُمَّ جَعَلْنَٰهُ نُطْفَةًۭ فِى قَرَارٍۢ مَّكِينٍۢ

    Soʻngra uni mustahkam qarorgohda nutfa qildik.

  14. 14

    ثُمَّ خَلَقْنَا ٱلنُّطْفَةَ عَلَقَةًۭ فَخَلَقْنَا ٱلْعَلَقَةَ مُضْغَةًۭ فَخَلَقْنَا ٱلْمُضْغَةَ عِظَٰمًۭا فَكَسَوْنَا ٱلْعِظَٰمَ لَحْمًۭا ثُمَّ أَنشَأْنَٰهُ خَلْقًا ءَاخَرَ ۚ فَتَبَارَكَ ٱللَّهُ أَحْسَنُ ٱلْخَٰلِقِينَ

    Soʻngra nutfadan alaqa yaratdik, alaqadan chaynalgan goʻsht yaratdik, chaynalgan parcha goʻshtdan suyak yaratdik, bas, suyakka goʻsht qopladik, soʻngra uni boshqa bir jonzot etib paydo qildik. Bas, yaratguvchilarning eng yaxshisi Alloh barakotli va buyukdir.

  15. 15

    ثُمَّ إِنَّكُم بَعْدَ ذَٰلِكَ لَمَيِّتُونَ

    Soʻngra, albatta, sizlar bundan keyin oʻlguvchisizlar.

  16. 16

    ثُمَّ إِنَّكُمْ يَوْمَ ٱلْقِيَٰمَةِ تُبْعَثُونَ

    Soʻngra, albatta, sizlar qiyomat kuni qayta tiriltirilursizlar.

  17. 17

    وَلَقَدْ خَلَقْنَا فَوْقَكُمْ سَبْعَ طَرَآئِقَ وَمَا كُنَّا عَنِ ٱلْخَلْقِ غَٰفِلِينَ

    Batahqiq, Biz ustingizda yetti yoʻlni yaratdik. Biz maxluqotdan gʻofil boʻlgan emasmiz. (Ey odamlar, Biz ustingizga yetti tabaqa osmonni yaratib qoʻyganmiz. Shunday jonsiz, mustahkam va cheksiz narsalarda nima boʻlayotganini ham bilib turamiz.)

  18. 18

    وَأَنزَلْنَا مِنَ ٱلسَّمَآءِ مَآءًۢ بِقَدَرٍۢ فَأَسْكَنَّٰهُ فِى ٱلْأَرْضِ ۖ وَإِنَّا عَلَىٰ ذَهَابٍۭ بِهِۦ لَقَٰدِرُونَ

    Biz osmondan oʻlchov ila suv tushirib, uni yerga joylashtirdik. Albatta, Biz uni ketkazishga ham qodirdirmiz. (Osmondan oʻlchov ila suv tushirib, uni yerda qarorlashtirish ham Alloh taoloning ishidir. Kim kerakli miqdorda osmondan suv tushira oladi? Yerdagi hamma suv osmondan oʻlchov bilan tushgandir. Ortiqcha ham emas, kam ham emas. Shuning oʻzini ibrat nazari bilan oʻylagan odam iymonga kelishi kerak. Suvni keltirgan zot ketkaza olmasmidi? Alloh taolo suvni ketkazishiga dalil sifatida baʼzan maʼlum joylarni suvdan bebahra qilib qoʻyadi. Oʻsha yerda qurgʻoqchilik boʻlib, hamma narsa halokatga yuz tutadi. Ana shu qurgʻoqchilik hodisalari ham Alloh taoloning qudratiga dalolat qiladi. Ular ham odamlarni iymonga chaqiradigan ibratli narsalardir.)

  19. 19

    فَأَنشَأْنَا لَكُم بِهِۦ جَنَّٰتٍۢ مِّن نَّخِيلٍۢ وَأَعْنَٰبٍۢ لَّكُمْ فِيهَا فَوَٰكِهُ كَثِيرَةٌۭ وَمِنْهَا تَأْكُلُونَ

    Va u(suv) ila siz uchun xurmo va uzum bogʻlari paydo qildik, sizga u(bogʻ)larda koʻp mevalar boʻlib, ulardan yersizlar.

  20. 20

    وَشَجَرَةًۭ تَخْرُجُ مِن طُورِ سَيْنَآءَ تَنۢبُتُ بِٱلدُّهْنِ وَصِبْغٍۢ لِّلْءَاكِلِينَ

    Va Turi Siynodan chiqadigan bir daraxtni (paydo qildikki), u yogʻ va yeguvchilarga nonxurish ila oʻsur. (Yaʼni, ham yogʻ, ham nonxurish sifatida ishlatiladigan, koʻproq Turi Siynoda oʻsadigan zaytun ham ibratga sazovor daraxt sanaladi.)

  21. 21

    وَإِنَّ لَكُمْ فِى ٱلْأَنْعَٰمِ لَعِبْرَةًۭ ۖ نُّسْقِيكُم مِّمَّا فِى بُطُونِهَا وَلَكُمْ فِيهَا مَنَٰفِعُ كَثِيرَةٌۭ وَمِنْهَا تَأْكُلُونَ

    Albatta, siz uchun chorva hayvonlarida ibrat bordir. Biz sizni ularning qorinlaridagi narsa ila sugʻorurmiz va siz uchun ularda koʻpgina manfaatlar bor va ulardan yersizlar.

  22. 22

    وَعَلَيْهَا وَعَلَى ٱلْفُلْكِ تُحْمَلُونَ

    Va ularga va kemalarga yuklanursizlar.

  23. 23

    وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا نُوحًا إِلَىٰ قَوْمِهِۦ فَقَالَ يَٰقَوْمِ ٱعْبُدُوا۟ ٱللَّهَ مَا لَكُم مِّنْ إِلَٰهٍ غَيْرُهُۥٓ ۖ أَفَلَا تَتَّقُونَ

    Batahqiq, Biz Nuhni qavmiga yubordik. Bas, u: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan oʻzga hech bir iloh yoʻqdir. Nahotki qoʻrqmasangiz?!» dedi.

  24. 24

    فَقَالَ ٱلْمَلَؤُا۟ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ مِن قَوْمِهِۦ مَا هَٰذَآ إِلَّا بَشَرٌۭ مِّثْلُكُمْ يُرِيدُ أَن يَتَفَضَّلَ عَلَيْكُمْ وَلَوْ شَآءَ ٱللَّهُ لَأَنزَلَ مَلَٰٓئِكَةًۭ مَّا سَمِعْنَا بِهَٰذَا فِىٓ ءَابَآئِنَا ٱلْأَوَّلِينَ

    Bas, uning qavmidan kufr keltirgan zodagonlari: «Bu sizga oʻxshash bashar, xolos, sizdan afzal boʻlib olmoqchi. Agar Alloh xohlasa, farishtalarni tushirar edi. Avvalgi ota-bobolarimizda buni eshitgan emasmiz.

  25. 25

    إِنْ هُوَ إِلَّا رَجُلٌۢ بِهِۦ جِنَّةٌۭ فَتَرَبَّصُوا۟ بِهِۦ حَتَّىٰ حِينٍۢ

    U faqat bir jinni odam, xolos. Bas, uni bir oz muddat poylab turing», dedilar.

  26. 26

    قَالَ رَبِّ ٱنصُرْنِى بِمَا كَذَّبُونِ

    U: «Ey Robbim, meni yolgʻonchi qilganlarga qarshi menga nusrat ber», dedi. (Nuh alayhissalom haqiqiy nusrat qayerdaligini yaxshi bilganlari uchun darhol Allohga iltijo qilib, oʻzlarini yolgʻonchi sanaganlarga qarshi yordam soʻradilar.)

  27. 27

    فَأَوْحَيْنَآ إِلَيْهِ أَنِ ٱصْنَعِ ٱلْفُلْكَ بِأَعْيُنِنَا وَوَحْيِنَا فَإِذَا جَآءَ أَمْرُنَا وَفَارَ ٱلتَّنُّورُ ۙ فَٱسْلُكْ فِيهَا مِن كُلٍّۢ زَوْجَيْنِ ٱثْنَيْنِ وَأَهْلَكَ إِلَّا مَن سَبَقَ عَلَيْهِ ٱلْقَوْلُ مِنْهُمْ ۖ وَلَا تُخَٰطِبْنِى فِى ٱلَّذِينَ ظَلَمُوٓا۟ ۖ إِنَّهُم مُّغْرَقُونَ

    Bas, Biz unga: «Bizning koʻz oʻngimizda va vahiyimiz ila kema yasa. Bas, Bizning amrimiz kelib, tannur favvora boʻlganda, u(kema)ga har bir turdan bir juftdan va ahlingni chiqar, magar kimning ziddiga oldin soʻzimiz oʻtgan boʻlsa (chiqarma). Zulm qilganlar haqida Menga xitob qilma. Albatta, ular gʻarq qilinguvchilardir.

  28. 28

    فَإِذَا ٱسْتَوَيْتَ أَنتَ وَمَن مَّعَكَ عَلَى ٱلْفُلْكِ فَقُلِ ٱلْحَمْدُ لِلَّهِ ٱلَّذِى نَجَّىٰنَا مِنَ ٱلْقَوْمِ ٱلظَّٰلِمِينَ

    Bas, sen oʻzing bilan birga boʻlganlar ila kemaga joylashib olgach: «Bizni zolim qavmlardan qutqargan Allohga hamdlar boʻlsin», degin.

  29. 29

    وَقُل رَّبِّ أَنزِلْنِى مُنزَلًۭا مُّبَارَكًۭا وَأَنتَ خَيْرُ ٱلْمُنزِلِينَ

    Va: «Ey Robbim, meni muborak manzilga tushirgin, Sen, Oʻzing manzilga tushirguvchilarning eng yaxshisisan», degin», dedik.

  30. 30

    إِنَّ فِى ذَٰلِكَ لَءَايَٰتٍۢ وَإِن كُنَّا لَمُبْتَلِينَ

    Albatta, bunda oyat-ibratlar bordir. Albatta, Biz sinovchi boʻlgan edik.

  31. 31

    ثُمَّ أَنشَأْنَا مِنۢ بَعْدِهِمْ قَرْنًا ءَاخَرِينَ

    Soʻngra ulardan keyin boshqa avlodlarni paydo qildik. (Yaʼni, Nuh va uning qavmidan keyin boshqa xalqlarni paydo qildik.)

  32. 32

    فَأَرْسَلْنَا فِيهِمْ رَسُولًۭا مِّنْهُمْ أَنِ ٱعْبُدُوا۟ ٱللَّهَ مَا لَكُم مِّنْ إِلَٰهٍ غَيْرُهُۥٓ ۖ أَفَلَا تَتَّقُونَ

    Bas, ularning ichiga oʻzlaridan boʻlgan Paygʻambarni: «Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan oʻzga iloh yoʻqdir, nahotki, qoʻrqmasangiz», deb yubordik. (Eʼtibor beradigan boʻlsak, bu Paygʻambar ham Nuh alayhissalomning soʻzlarining aynan oʻzini takrorlamoqda. Allohdan oʻzga ibodatga sazovor iloh yoʻqligini taʼriflamoqda va Allohga iymon keltirmay yurish qoʻrqinchli ekanini uqtirmoqda.)

  33. 33

    وَقَالَ ٱلْمَلَأُ مِن قَوْمِهِ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ وَكَذَّبُوا۟ بِلِقَآءِ ٱلْءَاخِرَةِ وَأَتْرَفْنَٰهُمْ فِى ٱلْحَيَوٰةِ ٱلدُّنْيَا مَا هَٰذَآ إِلَّا بَشَرٌۭ مِّثْلُكُمْ يَأْكُلُ مِمَّا تَأْكُلُونَ مِنْهُ وَيَشْرَبُ مِمَّا تَشْرَبُونَ

    Uning qavmidan kufr keltirgan, oxiratga roʻbaroʻ boʻlishini yolgʻonga chiqargan va Biz ularni hayoti dunyoda maishatparast qilib qoʻygan zodagonlari: «Bu sizga oʻxshagan bashar, xolos. Siz yegan narsadan yeydi, siz ichgan narsadan ichadi.

  34. 34

    وَلَئِنْ أَطَعْتُم بَشَرًۭا مِّثْلَكُمْ إِنَّكُمْ إِذًۭا لَّخَٰسِرُونَ

    Agar oʻzingizga oʻxshagan basharga itoat qilsangiz, unda, albatta, siz ziyonkorlardandirsiz.

  35. 35

    أَيَعِدُكُمْ أَنَّكُمْ إِذَا مِتُّمْ وَكُنتُمْ تُرَابًۭا وَعِظَٰمًا أَنَّكُم مُّخْرَجُونَ

    U sizga, oʻlsangiz, tuproq va suyak boʻlsangiz ham, albatta, chiqarilguvchi boʻlishingizni vaʼda qilmoqdami?!

  36. 36

    ۞ هَيْهَاتَ هَيْهَاتَ لِمَا تُوعَدُونَ

    Hayhot! Hayhot! Sizga vaʼda qilingan narsa naqadar uzoq!

  37. 37

    إِنْ هِىَ إِلَّا حَيَاتُنَا ٱلدُّنْيَا نَمُوتُ وَنَحْيَا وَمَا نَحْنُ بِمَبْعُوثِينَ

    Shu dunyodagi hayotimizdan boshqa hayot yoʻqdir. Oʻlamiz, tirilamiz va biz qayta tirilguvchi emasmiz.

  38. 38

    إِنْ هُوَ إِلَّا رَجُلٌ ٱفْتَرَىٰ عَلَى ٱللَّهِ كَذِبًۭا وَمَا نَحْنُ لَهُۥ بِمُؤْمِنِينَ

    U faqat Allohga nisbatan yolgʻon uydirgan odam, xolos. Biz unga iymon keltirguvchi emasmiz», dedilar. (Bu qavmning javobi ham mohiyatan Nuh qavmi javobining aynan oʻzi. Bu safar ham qavm nomidan zodagonlari javob bermoqda.)

  39. 39

    قَالَ رَبِّ ٱنصُرْنِى بِمَا كَذَّبُونِ

    U: «Ey Robbim, meni yolgʻonchi qilganlarga qarshi menga nusrat ber», dedi.

  40. 40

    قَالَ عَمَّا قَلِيلٍۢ لَّيُصْبِحُنَّ نَٰدِمِينَ

    U zot: «Ozginadan soʻng ular nadomat chekuvchi boʻlurlar», dedi. (Yaʼni, Alloh taolo u Paygʻambar alayhissalomning duolarini qubul qildi. U zot alayhissalomga nusrat beradigan boʻldi. Va sabr qil, ozgina vaqtdan soʻng u kofirlar pushaymon qiluvchi boʻladilar, dedi.)

  41. 41

    فَأَخَذَتْهُمُ ٱلصَّيْحَةُ بِٱلْحَقِّ فَجَعَلْنَٰهُمْ غُثَآءًۭ ۚ فَبُعْدًۭا لِّلْقَوْمِ ٱلظَّٰلِمِينَ

    Bas, ularni haq ila qichqiriq oldi. Bas, Biz ularni xasu choʻpga aylantirdik. Daf boʻlsin zolim qavmlar!

  42. 42

    ثُمَّ أَنشَأْنَا مِنۢ بَعْدِهِمْ قُرُونًا ءَاخَرِينَ

    Soʻngra ulardan keyin boshqa asr avlodlarini paydo qildik. (Yaʼni, qissasi keltirilgan oʻsha qavmdan keyin boshqa turli qavmlarni dunyoga keltirdik.)

  43. 43

    مَا تَسْبِقُ مِنْ أُمَّةٍ أَجَلَهَا وَمَا يَسْتَـْٔخِرُونَ

    Hech bir ummat oʻz ajalidan oldin ham ketmas, ortda ham qolmas.

  44. 44

    ثُمَّ أَرْسَلْنَا رُسُلَنَا تَتْرَا ۖ كُلَّ مَا جَآءَ أُمَّةًۭ رَّسُولُهَا كَذَّبُوهُ ۚ فَأَتْبَعْنَا بَعْضَهُم بَعْضًۭا وَجَعَلْنَٰهُمْ أَحَادِيثَ ۚ فَبُعْدًۭا لِّقَوْمٍۢ لَّا يُؤْمِنُونَ

    Soʻngra Paygʻambarlarimizni ketma-ket yubordik. Har qachon bir ummatga oʻz Paygʻambari kelsa, uni yolgʻonchi qildilar. Bas, Biz ham ularni baʼzilari ortidan baʼzilarini (halokatga) ergashtiraverdik va ularni gapu soʻzga aylantirdik. Bas, daf boʻlsin iymon keltirmaydigan qavmlar!

  45. 45

    ثُمَّ أَرْسَلْنَا مُوسَىٰ وَأَخَاهُ هَٰرُونَ بِـَٔايَٰتِنَا وَسُلْطَٰنٍۢ مُّبِينٍ

    Soʻngra biz Muso va birodari Horunni oyatlarimiz va ochiq hujjat ila yubordik.

  46. 46

    إِلَىٰ فِرْعَوْنَ وَمَلَإِي۟هِۦ فَٱسْتَكْبَرُوا۟ وَكَانُوا۟ قَوْمًا عَالِينَ

    Firʼavn va uning aʼyonlariga. Bas, ular mutakabbirlik qildilar va oʻzini yuqori qoʻygan qavm boʻldilar.

  47. 47

    فَقَالُوٓا۟ أَنُؤْمِنُ لِبَشَرَيْنِ مِثْلِنَا وَقَوْمُهُمَا لَنَا عَٰبِدُونَ

    Bas, ular: «Oʻzimizga oʻxshagan ikki basharga iymon keltiramizmi?! Holbuki, ularning qavmi bizga qullik qilguvchi boʻlib turibdi-ku?! « dedilar. (Yaʼni, qanday qilib oʻzimizga oʻxshagan, qoʻlimizda qul boʻlib turgan Bani Isroil qavmining ikki odamiga Paygʻambar deb iymon keltiramiz, dedilar.)

  48. 48

    فَكَذَّبُوهُمَا فَكَانُوا۟ مِنَ ٱلْمُهْلَكِينَ

    Bas, ikkovlarini yolgʻonchi qildilar va halok qilinganlardan boʻldilar.

  49. 49

    وَلَقَدْ ءَاتَيْنَا مُوسَى ٱلْكِتَٰبَ لَعَلَّهُمْ يَهْتَدُونَ

    Batahqiq, Biz, shoyadki, hidoyat topsalar, deb Musoga Kitobni bergan edik.

  50. 50

    وَجَعَلْنَا ٱبْنَ مَرْيَمَ وَأُمَّهُۥٓ ءَايَةًۭ وَءَاوَيْنَٰهُمَآ إِلَىٰ رَبْوَةٍۢ ذَاتِ قَرَارٍۢ وَمَعِينٍۢ

    Ibn Maryamni va uning onasini oyat-alomat qildik va ikkovlarini oqar suvli qarorgoh tepalikka joyladik. (Iyso ibn Maryam alayhissalomni va u kishining onalari Bibi Maryamni Alloh Oʻz qudratiga dalolat qiluvchi moʻʼjiza-alomat oʻlaroq yubordi va Baytul Maqdis yeridan oqar suvi bor, bir tepalikka joyladi.)

  51. 51

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلرُّسُلُ كُلُوا۟ مِنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ وَٱعْمَلُوا۟ صَٰلِحًا ۖ إِنِّى بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌۭ

    Ey Paygʻambarlar! Pok narsalardan yenglar va solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayotganingizni oʻta bilguvchiman.

  52. 52

    وَإِنَّ هَٰذِهِۦٓ أُمَّتُكُمْ أُمَّةًۭ وَٰحِدَةًۭ وَأَنَا۠ رَبُّكُمْ فَٱتَّقُونِ

    Albatta, sizning bu ummatingiz yagona ummatdir. Men esa, Robbingizman. Bas, Mengagina taqvo qiling. (Ey Paygʻambarlar, sizning diningiz Islomdir. Robbingiz boʻlgan Allohga taqvo qiling.)

  53. 53

    فَتَقَطَّعُوٓا۟ أَمْرَهُم بَيْنَهُمْ زُبُرًۭا ۖ كُلُّ حِزْبٍۭ بِمَا لَدَيْهِمْ فَرِحُونَ

    Bas, ular ishlarini oʻz oralarida pora-pora qilib boʻlib yubordilar. Har firqa oʻz huzurlaridagi narsa ila xursanddirlar. (Paygʻambarlar bir dinda boʻlgan edilar. Ammo ulardan keyingilar yagona dinni turli firqalarga parchalab yubordilar.)

  54. 54

    فَذَرْهُمْ فِى غَمْرَتِهِمْ حَتَّىٰ حِينٍ

    Bas, sen ularni gʻaflatlarida bir muddat qoʻyib qoʻy.

  55. 55

    أَيَحْسَبُونَ أَنَّمَا نُمِدُّهُم بِهِۦ مِن مَّالٍۢ وَبَنِينَ

    Ular Bizning oʻzlariga molu dunyo va farzandlar ila madad berayotganimizni.

  56. 56

    نُسَارِعُ لَهُمْ فِى ٱلْخَيْرَٰتِ ۚ بَل لَّا يَشْعُرُونَ

    Ularga yaxshiliklarni tezlatishimiz, deb hisoblaydilarmi? Yoʻq! Ular sezmaslar.

  57. 57

    إِنَّ ٱلَّذِينَ هُم مِّنْ خَشْيَةِ رَبِّهِم مُّشْفِقُونَ

    Albatta, Robbilaridan qoʻrqib xavfda turuvchilar.

  58. 58

    وَٱلَّذِينَ هُم بِـَٔايَٰتِ رَبِّهِمْ يُؤْمِنُونَ

    Va Robbilari oyatlariga iymon keltiradiganlar.

  59. 59

    وَٱلَّذِينَ هُم بِرَبِّهِمْ لَا يُشْرِكُونَ

    Va Robbilariga shirk keltirmaydiganlar.

  60. 60

    وَٱلَّذِينَ يُؤْتُونَ مَآ ءَاتَوا۟ وَّقُلُوبُهُمْ وَجِلَةٌ أَنَّهُمْ إِلَىٰ رَبِّهِمْ رَٰجِعُونَ

    Va beradigan narsalarini, albatta, Robbilariga qaytguvchi ekanliklaridan qalblari titragan holda berurlar.

  61. 61

    أُو۟لَٰٓئِكَ يُسَٰرِعُونَ فِى ٱلْخَيْرَٰتِ وَهُمْ لَهَا سَٰبِقُونَ

    Ana oʻshalar yaxshiliklarga shoshilurlar va ular oʻsha(yaxshilik)lar uchun musobaqa qilurlar.

  62. 62

    وَلَا نُكَلِّفُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ۖ وَلَدَيْنَا كِتَٰبٌۭ يَنطِقُ بِٱلْحَقِّ ۚ وَهُمْ لَا يُظْلَمُونَ

    Biz hech bir jonga toqatidan tashqari taklif qilmasmiz. Huzurimizda kitob bor. U haqni soʻzlaydir. Ularga zulm qilinmas.

  63. 63

    بَلْ قُلُوبُهُمْ فِى غَمْرَةٍۢ مِّنْ هَٰذَا وَلَهُمْ أَعْمَٰلٌۭ مِّن دُونِ ذَٰلِكَ هُمْ لَهَا عَٰمِلُونَ

    Yoʻq! Ularning qalblari bundan gʻaflatdadir. Ularning bundan boshqa amallari bordir. Ular oʻsha (amal)larni qilguvchidirlar.

  64. 64

    حَتَّىٰٓ إِذَآ أَخَذْنَا مُتْرَفِيهِم بِٱلْعَذَابِ إِذَا هُمْ يَجْـَٔرُونَ

    Toki ularning maishatparastlarini azob ila tutganimizda, birdan faryod solurlar.

  65. 65

    لَا تَجْـَٔرُوا۟ ٱلْيَوْمَ ۖ إِنَّكُم مِّنَّا لَا تُنصَرُونَ

    Endi, bugun faryod solmang! Albatta, Biz tomonimizdan sizga nusrat qilinmas.

  66. 66

    قَدْ كَانَتْ ءَايَٰتِى تُتْلَىٰ عَلَيْكُمْ فَكُنتُمْ عَلَىٰٓ أَعْقَٰبِكُمْ تَنكِصُونَ

    Batahqiq, Mening oyatlarim sizga tilovat qilinar edi. Siz esa, ortingizga qochar edingiz.

  67. 67

    مُسْتَكْبِرِينَ بِهِۦ سَٰمِرًۭا تَهْجُرُونَ

    U(Kaʼba) bilan kibrlanar, tungi suhbatingizda behuda soʻzlar aytar edingiz.

  68. 68

    أَفَلَمْ يَدَّبَّرُوا۟ ٱلْقَوْلَ أَمْ جَآءَهُم مَّا لَمْ يَأْتِ ءَابَآءَهُمُ ٱلْأَوَّلِينَ

    Nahotki ular bu soʻzni tadabbur qilib koʻrmadilar? Yoki ularga avvalgi ota-bobolariga kelmagan narsa kelibdimi?

  69. 69

    أَمْ لَمْ يَعْرِفُوا۟ رَسُولَهُمْ فَهُمْ لَهُۥ مُنكِرُونَ

    Yoki oʻz Paygʻambarlarini tanimasdan ular unga inkor qilguvchi boʻlmoqdalarmi?

  70. 70

    أَمْ يَقُولُونَ بِهِۦ جِنَّةٌۢ ۚ بَلْ جَآءَهُم بِٱلْحَقِّ وَأَكْثَرُهُمْ لِلْحَقِّ كَٰرِهُونَ

    Yoki, unda jinnilik bor, deydilarmi? Yoʻq! U ularga haq ila keldi. Ularning koʻplari esa, haqni yomon koʻrguvchidirlar. (Muhammad (s. a. v.) ularga haq din ila keldi. Shuning uchun ular Islomdan yuz oʻgirmoqdalar. Ular haqni yomon koʻradilar.)

  71. 71

    وَلَوِ ٱتَّبَعَ ٱلْحَقُّ أَهْوَآءَهُمْ لَفَسَدَتِ ٱلسَّمَٰوَٰتُ وَٱلْأَرْضُ وَمَن فِيهِنَّ ۚ بَلْ أَتَيْنَٰهُم بِذِكْرِهِمْ فَهُمْ عَن ذِكْرِهِم مُّعْرِضُونَ

    Agar haq ularning havoyi nafslariga ergashsa, albatta, osmonlaru yer va ulardagi kimsalar fasodga uchrar edi. Yoʻq! Biz ularga oʻz sharaflarini keltirdik. Ular esa, sharaflaridan yuz oʻgirmoqdalar. (Haq bitta, yaʼni, Allohning dinidir. Hamma haqqa ergashmogʻi lozim. Chunki haq bitta, odamlarning havoyi nafslari esa, cheksizdir. Inchunin, havoyi nafs ila haqiqatga erishib boʻlmaydi. Qachon havoyi nafsning koʻyiga tushilsa, fasodga uchraladi. Allohdan kelgan haq–Islom odamlarni yoʻlga solishi kerak. Ammo odamlar u haqdan–Islomdan yuz oʻgirmoqdalar. Haqni–Islomni havoyi nafslariga ergashtirishni istaydilar. Biz keltirgan Qurʼon–Islom–haq ular uchun sharafdir. Kim haqqa ergashsa, amal qilsa, shon-sharafga ega boʻladi.)

  72. 72

    أَمْ تَسْـَٔلُهُمْ خَرْجًۭا فَخَرَاجُ رَبِّكَ خَيْرٌۭ ۖ وَهُوَ خَيْرُ ٱلرَّٰزِقِينَ

    Yoki sen ulardan xaroj soʻrayapsanmi?! Bas, Robbingning xaroji yaxshiroqdir. U zot eng yaxshi rizq berguvchidir.

  73. 73

    وَإِنَّكَ لَتَدْعُوهُمْ إِلَىٰ صِرَٰطٍۢ مُّسْتَقِيمٍۢ

    Albatta, sen ularni toʻgʻri yoʻlga chaqirasan.

  74. 74

    وَإِنَّ ٱلَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِٱلْءَاخِرَةِ عَنِ ٱلصِّرَٰطِ لَنَٰكِبُونَ

    Albatta, oxiratga iymon keltirmaydiganlar bu yoʻldan ozguvchidirlar.

  75. 75

    ۞ وَلَوْ رَحِمْنَٰهُمْ وَكَشَفْنَا مَا بِهِم مِّن ضُرٍّۢ لَّلَجُّوا۟ فِى طُغْيَٰنِهِمْ يَعْمَهُونَ

    Agar ularga rahm qilib, ularga yetgan zararni kushoyish qilsak ham, tugʻyonlarida bardavom boʻlib, adashib-uloqib yuraveradilar.

  76. 76

    وَلَقَدْ أَخَذْنَٰهُم بِٱلْعَذَابِ فَمَا ٱسْتَكَانُوا۟ لِرَبِّهِمْ وَمَا يَتَضَرَّعُونَ

    Batahqiq, Biz ularni azob ila tutdik, bas, ular Robbilariga boʻyin ham egmadilar, tazarruʼ ham qilmadilar.

  77. 77

    حَتَّىٰٓ إِذَا فَتَحْنَا عَلَيْهِم بَابًۭا ذَا عَذَابٍۢ شَدِيدٍ إِذَا هُمْ فِيهِ مُبْلِسُونَ

    Toki qachon ularga shiddatli azob eshigini ochganimizda, toʻsatdan noumid boʻlguvchilardir.

  78. 78

    وَهُوَ ٱلَّذِىٓ أَنشَأَ لَكُمُ ٱلسَّمْعَ وَٱلْأَبْصَٰرَ وَٱلْأَفْـِٔدَةَ ۚ قَلِيلًۭا مَّا تَشْكُرُونَ

    U zot sizga quloqni, koʻzlaru qalblarni paydo qilgan zot. Naqadar oz shukr qilursiz!

  79. 79

    وَهُوَ ٱلَّذِى ذَرَأَكُمْ فِى ٱلْأَرْضِ وَإِلَيْهِ تُحْشَرُونَ

    U zot sizlarni yer yuzida yaratib, taratgandir. Va Ungagina toʻplanursizlar.

  80. 80

    وَهُوَ ٱلَّذِى يُحْىِۦ وَيُمِيتُ وَلَهُ ٱخْتِلَٰفُ ٱلَّيْلِ وَٱلنَّهَارِ ۚ أَفَلَا تَعْقِلُونَ

    U zot tiriltirur va oʻldirur. Kechayu kunduzning almashinishi ham Unga oid. Nahotki aql yuritmasangiz?

  81. 81

    بَلْ قَالُوا۟ مِثْلَ مَا قَالَ ٱلْأَوَّلُونَ

    Yoʻq! Ular avvalgilar aytgan narsaga oʻxshash narsani aytdilar.

  82. 82

    قَالُوٓا۟ أَءِذَا مِتْنَا وَكُنَّا تُرَابًۭا وَعِظَٰمًا أَءِنَّا لَمَبْعُوثُونَ

    Ular: «Biz oʻlib tuproq va suyak boʻlganimizdan keyin ham-a? Biz, albatta, qayta tiriltiriluvchimizmi-a?

  83. 83

    لَقَدْ وُعِدْنَا نَحْنُ وَءَابَآؤُنَا هَٰذَا مِن قَبْلُ إِنْ هَٰذَآ إِلَّآ أَسَٰطِيرُ ٱلْأَوَّلِينَ

    Batahqiq, bizga ham, bundan oldin ota-bobolarimizga ham bu vaʼda qilingan edi. Bu avvalgilarning afsonasidan boshqa narsa emas», dedilar.

  84. 84

    قُل لِّمَنِ ٱلْأَرْضُ وَمَن فِيهَآ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ

    Sen: «Agar bilsangiz, Yer va undagi kimsalar kimnikidir?» deb ayt.

  85. 85

    سَيَقُولُونَ لِلَّهِ ۚ قُلْ أَفَلَا تَذَكَّرُونَ

    «Allohnikidir», derlar. Sen: «Nahotki eslatma olmasangiz?!» degin.

  86. 86

    قُلْ مَن رَّبُّ ٱلسَّمَٰوَٰتِ ٱلسَّبْعِ وَرَبُّ ٱلْعَرْشِ ٱلْعَظِيمِ

    Sen: «Yetti osmonning Robbi kim? Ulugʻ arshning Robbi kim?» deb ayt.

  87. 87

    سَيَقُولُونَ لِلَّهِ ۚ قُلْ أَفَلَا تَتَّقُونَ

    Ular: «Allohnikidir», derlar. Sen: «Nahotki qoʻrqmasangiz?!» deb ayt.

  88. 88

    قُلْ مَنۢ بِيَدِهِۦ مَلَكُوتُ كُلِّ شَىْءٍۢ وَهُوَ يُجِيرُ وَلَا يُجَارُ عَلَيْهِ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ

    Sen: «Agar bilsangiz (ayting-chi), har bir narsaning mulki qoʻlida boʻlmish, Oʻzi himoya qiladigan va Undan himoya qilinmaydigan zot kim?!» deb ayt. (Yaʼni, xohlagan kishisini Oʻz himoyasiga ola biladigan, boshqalar Undan himoyalana olmaydigan zot kim?)

  89. 89

    سَيَقُولُونَ لِلَّهِ ۚ قُلْ فَأَنَّىٰ تُسْحَرُونَ

    «Allohnikidir», derlar. Sen: «Qandoq ham sehrlanmoqdasiz-a?!» deb ayt. (Agar oʻsha narsalar Allohniki ekanini bilsangiz, nima uchun Allohga iymon keltirmayapsiz?! Kofir holingizda yuribsiz? Buni faqat sehrlangan odam qilishi mumkin, xolos. Siz qandoq ham sehrlangansiz-a?! Ushbu savollar mushriklarga, Allohga shirk keltiradiganlarga berilmoqda. Bunda Allohga turli-tuman but-sanamlarni shirk keltiradiganlar ham, ahli kitob boʻla turib, Allohga baʼzi shaxslarni shirk keltiradiganlar ham barobardirlar. Chunki ularning hammasi Allohdan boshqa hech bir zot biror narsani yarata olmasligini, biror narsaga molik boʻla olmasligini bilgani holda, Allohning vahdoniyatiga emas, shirkka qarab yuradilar. Ular bu ishni hujjat-dalil yoʻqligidan qiladilarmi?)

  90. 90

    بَلْ أَتَيْنَٰهُم بِٱلْحَقِّ وَإِنَّهُمْ لَكَٰذِبُونَ

    Yoʻq! Biz ularga haqni keltirdik. Ular esa yolgʻonchilardir.

  91. 91

    مَا ٱتَّخَذَ ٱللَّهُ مِن وَلَدٍۢ وَمَا كَانَ مَعَهُۥ مِنْ إِلَٰهٍ ۚ إِذًۭا لَّذَهَبَ كُلُّ إِلَٰهٍۭ بِمَا خَلَقَ وَلَعَلَا بَعْضُهُمْ عَلَىٰ بَعْضٍۢ ۚ سُبْحَٰنَ ٱللَّهِ عَمَّا يَصِفُونَ

    Alloh hech bir farzand tutmagan, U bilan birga hech bir iloh boʻlmagan. Shundoq boʻlganida, har bir iloh oʻzi yaratgan narsasi bilan ketib, baʼzilari baʼzilaridan ustun kelar edi. Alloh ular qilayotgan vasfdan pok boʻldi. (Yaʼni, Allohdan boshqa yana iloh boʻlganida, u ham oʻziga biror narsalarni yaratgan boʻlar edi. Oqibatda har bir iloh oʻzi yaratgan narsani oʻzicha tasarruf qilaverib, dunyoning nizomi buzilar edi. Har bir iloh oʻzinikini oʻtkazaman deb urinishi natijasida oralarida nizo chiqar, baʼzilari baʼzilaridan ustun kelar edi. Dunyo nizomi buzilar edi. Bu aqida Allohdek zotga ayb, nuqsonni vasf qilishdir.)

  92. 92

    عَٰلِمِ ٱلْغَيْبِ وَٱلشَّهَٰدَةِ فَتَعَٰلَىٰ عَمَّا يُشْرِكُونَ

    U gʻaybni va hozirni bilguvchidir. U ular shirk keltirayotgan narsadan oliydir. (Alloh taolo hamma narsani–gʻaybni ham, hozirni ham bilguvchi zotdir. U zot mushriklar shirk keltirayotgan narsadan oliydir.)

  93. 93

    قُل رَّبِّ إِمَّا تُرِيَنِّى مَا يُوعَدُونَ

    Sen: «Ey Robbim, agar menga, albatta, ularga vaʼda qilingan narsani koʻrsatadigan boʻlsang.

  94. 94

    رَبِّ فَلَا تَجْعَلْنِى فِى ٱلْقَوْمِ ٱلظَّٰلِمِينَ

    Ey Robbim, meni zolim qavmlar ichida qilmagin», deb ayt.

  95. 95

    وَإِنَّا عَلَىٰٓ أَن نُّرِيَكَ مَا نَعِدُهُمْ لَقَٰدِرُونَ

    Albatta, Biz ularga vaʼda qilayotgan narsamizni senga koʻrsatishga qodirmiz.

  96. 96

    ٱدْفَعْ بِٱلَّتِى هِىَ أَحْسَنُ ٱلسَّيِّئَةَ ۚ نَحْنُ أَعْلَمُ بِمَا يَصِفُونَ

    Sen esa, yomonlikni goʻzal narsa ila daf qil. Biz nima vasf qilayotganlarini yaxshi bilguvchimiz.

  97. 97

    وَقُل رَّبِّ أَعُوذُ بِكَ مِنْ هَمَزَٰتِ ٱلشَّيَٰطِينِ

    Sen: «Ey Robbim, sendan shaytonlarning vasvasasidan panoh soʻrayman!

  98. 98

    وَأَعُوذُ بِكَ رَبِّ أَن يَحْضُرُونِ

    Sendan, ey Robbim, ularning menga hozir boʻlishlaridan panoh soʻrayman», deb ayt.

  99. 99

    حَتَّىٰٓ إِذَا جَآءَ أَحَدَهُمُ ٱلْمَوْتُ قَالَ رَبِّ ٱرْجِعُونِ

    Toki ulardan biriga oʻlim kelgan chogʻda: «Ey Robbim, meni (hayotga) qaytargin.

  100. 100

    لَعَلِّىٓ أَعْمَلُ صَٰلِحًۭا فِيمَا تَرَكْتُ ۚ كَلَّآ ۚ إِنَّهَا كَلِمَةٌ هُوَ قَآئِلُهَا ۖ وَمِن وَرَآئِهِم بَرْزَخٌ إِلَىٰ يَوْمِ يُبْعَثُونَ

    Shoyadki tark qilgan narsamda solih amal qilsam», der. Yoʻq! Albatta, bu (quruq) soʻz boʻlib, u aytguvchi, xolos. Ularning ortida qayta tiriladigan kunlarigacha toʻsiq bordir.

  101. 101

    فَإِذَا نُفِخَ فِى ٱلصُّورِ فَلَآ أَنسَابَ بَيْنَهُمْ يَوْمَئِذٍۢ وَلَا يَتَسَآءَلُونَ

    Bas, qachonki surga puflanganda, u kunda oralarida na nasab qolur va na bir-birlarini surishtirurlar. (Yaʼni, qiyomatdan darak berguvchi surga puflangan paytda har kim oʻzi bilan ovora boʻlib, odamlar orasida naslu nasab aloqalari qolmas. Balki hamma otasi, onasi, aka-ukasi, bola-chaqasidan qochadigan boʻlib qoladi.)

  102. 102

    فَمَن ثَقُلَتْ مَوَٰزِينُهُۥ فَأُو۟لَٰٓئِكَ هُمُ ٱلْمُفْلِحُونَ

    Kimning mezonlari ogʻir kelsa, bas, ana oʻshalar, oʻzlari najot topguvchilardir.

  103. 103

    وَمَنْ خَفَّتْ مَوَٰزِينُهُۥ فَأُو۟لَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ خَسِرُوٓا۟ أَنفُسَهُمْ فِى جَهَنَّمَ خَٰلِدُونَ

    Kimning mezoni yengil kelsa, bas, ana oʻshalar, oʻzlariga ziyon qilibdilar. Jahannamda abadiy qolguvchi boʻlibdilar.

  104. 104

    تَلْفَحُ وُجُوهَهُمُ ٱلنَّارُ وَهُمْ فِيهَا كَٰلِحُونَ

    Yuzlarini olov kuydirur. Ular unda badbashara holda boʻlurlar.

  105. 105

    أَلَمْ تَكُنْ ءَايَٰتِى تُتْلَىٰ عَلَيْكُمْ فَكُنتُم بِهَا تُكَذِّبُونَ

    Sizlarga oyatlarim tilovat qilingan emasmidi?! Bas, siz ularni yolgʻonga chiqargan emasmidingiz?! (Shunda ular oʻz ayblariga iqror boʻladilar.)

  106. 106

    قَالُوا۟ رَبَّنَا غَلَبَتْ عَلَيْنَا شِقْوَتُنَا وَكُنَّا قَوْمًۭا ضَآلِّينَ

    Ular: «Ey Robbimiz, badbaxtligimiz oʻzimizdan ustun kelib, zalolatga ketgan qavm boʻlgan ekanmiz.

  107. 107

    رَبَّنَآ أَخْرِجْنَا مِنْهَا فَإِنْ عُدْنَا فَإِنَّا ظَٰلِمُونَ

    Ey Robbimiz, bizni bu (doʻzax)dan chiqargin, agar yana (eski holimizga) qaytsak, bas, albatta, zolimlardan boʻlurmiz«, derlar.

  108. 108

    قَالَ ٱخْسَـُٔوا۟ فِيهَا وَلَا تُكَلِّمُونِ

    U zot: «U(yer)da xor boʻlib qolavering va Menga gapirmang!

  109. 109

    إِنَّهُۥ كَانَ فَرِيقٌۭ مِّنْ عِبَادِى يَقُولُونَ رَبَّنَآ ءَامَنَّا فَٱغْفِرْ لَنَا وَٱرْحَمْنَا وَأَنتَ خَيْرُ ٱلرَّٰحِمِينَ

    Aniqki, Mening bandalarimdan bir guruhi: «Ey Robbimiz, Biz iymon keltirdik. Bizni magʻfirat qilgin. Bizga rahm qilgin. Sening Oʻzing rahm qilguvchilarning yaxshisisan», degan edilar.

  110. 110

    فَٱتَّخَذْتُمُوهُمْ سِخْرِيًّا حَتَّىٰٓ أَنسَوْكُمْ ذِكْرِى وَكُنتُم مِّنْهُمْ تَضْحَكُونَ

    Bas, siz ularni masxara qildingiz. Hattoki ular (ni masxara qilish) sizga Mening zikrimni unuttirdi. Siz ulardan kular edingiz.

  111. 111

    إِنِّى جَزَيْتُهُمُ ٱلْيَوْمَ بِمَا صَبَرُوٓا۟ أَنَّهُمْ هُمُ ٱلْفَآئِزُونَ

    Albatta, Men bugun ularni sabr qilganlari uchun mukofotladim. Albatta, ular oʻzlari yutuqqa erishguvchilardir.

  112. 112

    قَٰلَ كَمْ لَبِثْتُمْ فِى ٱلْأَرْضِ عَدَدَ سِنِينَ

    U zot: «Yer yuzida necha yil qoldingiz?» dedi.

  113. 113

    قَالُوا۟ لَبِثْنَا يَوْمًا أَوْ بَعْضَ يَوْمٍۢ فَسْـَٔلِ ٱلْعَآدِّينَ

    Ular: «Bir kun yoki kunning baʼzisicha qoldik. Hisoblovchilardan soʻra», dedilar.

  114. 114

    قَٰلَ إِن لَّبِثْتُمْ إِلَّا قَلِيلًۭا ۖ لَّوْ أَنَّكُمْ كُنتُمْ تَعْلَمُونَ

    U zot: «Agar bilsangiz, juda oz qoldingiz, xolos», dedi. (Endi koʻradigan kuningizga nisbatan juda oz qoldingiz.)

  115. 115

    أَفَحَسِبْتُمْ أَنَّمَا خَلَقْنَٰكُمْ عَبَثًۭا وَأَنَّكُمْ إِلَيْنَا لَا تُرْجَعُونَ

    Nahotki Bizning sizni yaratishimiz behuda boʻlgan va siz Bizga qaytarilmassiz, deb hisoblasangiz?! (Ey mushriklar, nahotki Biz sizni behudaga yaratgan boʻlsak? Nahotki siz oxiratda bizga qaytarilmasangiz?!)

  116. 116

    فَتَعَٰلَى ٱللَّهُ ٱلْمَلِكُ ٱلْحَقُّ ۖ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ رَبُّ ٱلْعَرْشِ ٱلْكَرِيمِ

    Bas, haq podshoh Alloh yuksakdir. Hech bir iloh yoʻq. Magar u–karamli Arshning Robbi bor.

  117. 117

    وَمَن يَدْعُ مَعَ ٱللَّهِ إِلَٰهًا ءَاخَرَ لَا بُرْهَٰنَ لَهُۥ بِهِۦ فَإِنَّمَا حِسَابُهُۥ عِندَ رَبِّهِۦٓ ۚ إِنَّهُۥ لَا يُفْلِحُ ٱلْكَٰفِرُونَ

    Kim Alloh bilan birga boshqa ilohga iltijo qilsa, bu xususda hech bir dalili yoʻqdir. Bas, uning hisobi faqat Robbining huzuridadir. Albatta, kofirlar najot topmaslar. (Allohga boshqa ilohni sherik etganlar, hech bir dalil-hujjatsiz shirk keltirgan boʻladilar. Undoq odamlar bilan Alloh taolo Oʻzi bilib hisob-kitob qiladi. Suraning avvalida moʻminlarning, albatta, najot topishlari aytilgan edi. Suraning oxirida esa, kofirlarning najot topmasliklari taʼkidlanmoqda. Va nihoyat, oxirgi oyatda Alloh taolodan rahmat va magʻfirat soʻrash tavsiya qilinmoqda.)

  118. 118

    وَقُل رَّبِّ ٱغْفِرْ وَٱرْحَمْ وَأَنتَ خَيْرُ ٱلرَّٰحِمِينَ

    Sen: «Ey Robbim, magʻfirat qil, rahm qil. Oʻzing rahm qilguvchilarning yaxshisisan», deb ayt.

Arabcha: Tanzil Usmoniy matni. Tarjima va audio bepul Al Quran Cloud / Islamic Network xizmatlari orqali. Tafsir ochiq Tafsir API orqali.