Asosiy qismga oʻtish
Sunni Islam Yoʻl-yoʻriq, ibodat vositalari va ishonchli manbalar

Sura 49 · Madaniy · 18 Oyatlar

Sura Hujurot

Hujralar

سورة الحجرات
Uzluksiz tinglash

بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

  1. 1

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تُقَدِّمُوا۟ بَيْنَ يَدَىِ ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ ۖ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٌۭ

    Ey iymon keltirganlar! Allohdan va Uning Rasuldan oldin shoshilmanglar. Va Allohga taqvo qilinglar. Albatta Alloh eshituvchi va biluvchi zotdir. (Moʻmin-musulmonlar hech bir ishda hovliqmasliklari, har bir narsani Allohning amriga va Paygʻambar alayhissalomning sunnatlariga ergashgan holda qilishlari lozim.)

  2. 2

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تَرْفَعُوٓا۟ أَصْوَٰتَكُمْ فَوْقَ صَوْتِ ٱلنَّبِىِّ وَلَا تَجْهَرُوا۟ لَهُۥ بِٱلْقَوْلِ كَجَهْرِ بَعْضِكُمْ لِبَعْضٍ أَن تَحْبَطَ أَعْمَٰلُكُمْ وَأَنتُمْ لَا تَشْعُرُونَ

    Ey iymon keltirganlar! Ovozingizni Paygʻambar ovozidan yuqori koʻtarmang va unga bir-biringiz ila soʻzlashgandek dagʻal soʻz aytmang, oʻzingiz sezmagan holda amallaringiz habata boʻlib qolmasin. (Bu oyati karima sahobalarga qattiq taʼsir qildi. Baʼzilarida oyatda zikr qilingan kamchilik boʻlsa, tuzatdi, baʼzilari esa, oyat aynan, oʻzi haqida tushgan deb qabul qildi.)

  3. 3

    إِنَّ ٱلَّذِينَ يَغُضُّونَ أَصْوَٰتَهُمْ عِندَ رَسُولِ ٱللَّهِ أُو۟لَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ ٱمْتَحَنَ ٱللَّهُ قُلُوبَهُمْ لِلتَّقْوَىٰ ۚ لَهُم مَّغْفِرَةٌۭ وَأَجْرٌ عَظِيمٌ

    Albatta, Rasulullohning huzurida ovozlarini pastlatganlar, ana oʻshalar Alloh qalblarini taqvoga imtihon qilgan zotlardir. Ularga magʻfirat va ulkan ajr bor.

  4. 4

    إِنَّ ٱلَّذِينَ يُنَادُونَكَ مِن وَرَآءِ ٱلْحُجُرَٰتِ أَكْثَرُهُمْ لَا يَعْقِلُونَ

    Albatta, seni hujralar ortidan chaqirayotganlarning koʻplari aql ishlatmaslar. (Makkai Mukarrama fath qilingandan soʻng turli qabilalarning vakillari Rasulullohning huzurlariga kelib, Islomni qabul qilganlarini eʼlon qila boshladilar. Ularning koʻplari sahroviy, taʼlim koʻrmagan, qoʻpol arobiylar edilar. Shulardan biri Bani Tamim qabilasining boshligʻi al-Aqraʼ ibn Habis kelib, Paygʻambarimiz ahli ayollari bilan istiqomat qiladigan hujralari ortidan turib: «Hoy, Muhammad, hoy, Muhammad, menga qara, mening maqtovim ziynat, yomonlashim aybdir», degan ekan. Shunda Alloh taolo ushbu oyatni tushirgan.)

  5. 5

    وَلَوْ أَنَّهُمْ صَبَرُوا۟ حَتَّىٰ تَخْرُجَ إِلَيْهِمْ لَكَانَ خَيْرًۭا لَّهُمْ ۚ وَٱللَّهُ غَفُورٌۭ رَّحِيمٌۭ

    Agar ularning huzuriga chiqquningcha sabr qilsalar, oʻzlari uchun yaxshi boʻlardi. Alloh magʻfirat qiluvchi va rahimlidir.

  6. 6

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ إِن جَآءَكُمْ فَاسِقٌۢ بِنَبَإٍۢ فَتَبَيَّنُوٓا۟ أَن تُصِيبُوا۟ قَوْمًۢا بِجَهَٰلَةٍۢ فَتُصْبِحُوا۟ عَلَىٰ مَا فَعَلْتُمْ نَٰدِمِينَ

    Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab koʻringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qoʻyib, qilganingizga nadomat chekuvchi boʻlmanglar. (Agar xabar Allohdan va Paygʻambar alayhissalomdan boʻlsa, soʻzsiz qabul qilish vojibdir. Qabul qilmaganlar gunohkori azim, kofir boʻladilar. Oyati karimada Alloh taolo «fosiq xabar keltirsa, aniqlab» xabarning sobitligini tekshirib koʻrishga amr qilmoqda. Allohning amriga boʻysunish vojib. Afsuski, musulmonlar ushbu oyatga amal qilmaganlari oqibatida katta musibatlarga duchor boʻlmoqdalar. Bir xabarni eshitishi bilanoq, surishtirmay, biror ish qilinsa, keyin xabarning yolgʻonligi yoki xatoligi ayon boʻlsa, haqiqatdan afsus-nadomatga sabab boʻladi. Shuning uchun ham, Alloh taolo «bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qoʻyib, qilganingizga nadomat chekuvchi boʻlmanglar», demoqda.)

  7. 7

    وَٱعْلَمُوٓا۟ أَنَّ فِيكُمْ رَسُولَ ٱللَّهِ ۚ لَوْ يُطِيعُكُمْ فِى كَثِيرٍۢ مِّنَ ٱلْأَمْرِ لَعَنِتُّمْ وَلَٰكِنَّ ٱللَّهَ حَبَّبَ إِلَيْكُمُ ٱلْإِيمَٰنَ وَزَيَّنَهُۥ فِى قُلُوبِكُمْ وَكَرَّهَ إِلَيْكُمُ ٱلْكُفْرَ وَٱلْفُسُوقَ وَٱلْعِصْيَانَ ۚ أُو۟لَٰٓئِكَ هُمُ ٱلرَّٰشِدُونَ

    Va bilinglarki, albatta, ichlaringizda Rasululloh bordir. Agar U ishlardan koʻpida sizga itoat qilsa, albatta, qiyinchilikka duchor boʻlardingiz. Lekin, Alloh sizlarga iymonni mahbub qildi va uni qalblaringizda ziynatladi va sizlarga kufrni, fisqni va isyonni yomon koʻrsatdi. Ana oʻshalar toʻgʻrilikda yuruvchilaridir.

  8. 8

    فَضْلًۭا مِّنَ ٱللَّهِ وَنِعْمَةًۭ ۚ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌۭ

    Bu Alloh tomonidan fazl va neʼmatdir. Alloh biluvchi va hikmatli zotdir.

  9. 9

    وَإِن طَآئِفَتَانِ مِنَ ٱلْمُؤْمِنِينَ ٱقْتَتَلُوا۟ فَأَصْلِحُوا۟ بَيْنَهُمَا ۖ فَإِنۢ بَغَتْ إِحْدَىٰهُمَا عَلَى ٱلْأُخْرَىٰ فَقَٰتِلُوا۟ ٱلَّتِى تَبْغِى حَتَّىٰ تَفِىٓءَ إِلَىٰٓ أَمْرِ ٱللَّهِ ۚ فَإِن فَآءَتْ فَأَصْلِحُوا۟ بَيْنَهُمَا بِٱلْعَدْلِ وَأَقْسِطُوٓا۟ ۖ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلْمُقْسِطِينَ

    Agar moʻminlardan ikki toifa urushib ketsalar, bas, oʻrtalarini isloh qiling. Agar ulardan biri ikkinchisiga tajovuz qilsa, siz tajovuz qilganiga qarshi, to u Allohning amriga qaytgunicha urushing, agar qaytsa, bas, oʻrtalarini adolat bilan isloh qiling. Odil boʻling, albatta, Alloh adolat qilguvchilarni suyadir.

  10. 10

    إِنَّمَا ٱلْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌۭ فَأَصْلِحُوا۟ بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ ۚ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

    Albatta, moʻminlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz oʻrtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz.

  11. 11

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا يَسْخَرْ قَوْمٌۭ مِّن قَوْمٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُونُوا۟ خَيْرًۭا مِّنْهُمْ وَلَا نِسَآءٌۭ مِّن نِّسَآءٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُنَّ خَيْرًۭا مِّنْهُنَّ ۖ وَلَا تَلْمِزُوٓا۟ أَنفُسَكُمْ وَلَا تَنَابَزُوا۟ بِٱلْأَلْقَٰبِ ۖ بِئْسَ ٱلِٱسْمُ ٱلْفُسُوقُ بَعْدَ ٱلْإِيمَٰنِ ۚ وَمَن لَّمْ يَتُبْ فَأُو۟لَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ

    Ey iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol ular bulardan yaxshiroqdir. Va ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasin), ehtimol ular bulardan yaxshiroqdir. Va oʻzingizni oʻzingiz mazax qilmang, bir-biringizga laqab qoʻymang. Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomon! Va kim tavba qilmasa, bas, ana oʻshalar oʻzlari zolimlardir. (Albatta masxara yomon odat boʻlib, jamiyat aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning buzilishiga sabab boʻladi. Bir odam ikkinchisini masxara qilsa, kamsitsa, ustidan kulsa, albatta, masxara qilingan odamning achchigʻi chiqadi, u ham masxara qiluvchiga oʻziga yarasha javob berishga urinadi. Orada nizo-janjal chiqadi, ijtimoiy aloqalar buziladi va jamiyat zaiflashadi. Islom esa doimo musulmonlar jamiyatining mustahkam boʻlishi uchun qaygʻuradi. Shuning uchun ham ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarni bir-birini masxara qilishdan qaytarmoqda.)

  12. 12

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ ٱجْتَنِبُوا۟ كَثِيرًۭا مِّنَ ٱلظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ ٱلظَّنِّ إِثْمٌۭ ۖ وَلَا تَجَسَّسُوا۟ وَلَا يَغْتَب بَّعْضُكُم بَعْضًا ۚ أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَن يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًۭا فَكَرِهْتُمُوهُ ۚ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ تَوَّابٌۭ رَّحِيمٌۭ

    Ey iymon keltirganlar! Koʻp gumonlardan chetda boʻlinglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Baʼzilaringiz baʼzilaringizni gʻiybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz oʻzining oʻlgan birodarining goʻshtini yeyishni yaxshi koʻradimi? Ha, yomon koʻrasizlar. Allohdan qoʻrqinglar! Albatta, Alloh tavbani koʻp qabul qiluvchi va rahmlidir. (Maʼlumki, kimning oʻyiga badgumonlik oʻrnashsa, u odam oʻsha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada gumon ostidagi odamning oʻziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa, josuslik, deydilar. Odatda, josuslik deb birovga yomonlik yetkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini oʻziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok boʻlmogʻi zarur.)

  13. 13

    يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَٰكُم مِّن ذَكَرٍۢ وَأُنثَىٰ وَجَعَلْنَٰكُمْ شُعُوبًۭا وَقَبَآئِلَ لِتَعَارَفُوٓا۟ ۚ إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِندَ ٱللَّهِ أَتْقَىٰكُمْ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌۭ

    Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni oʻzaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qoʻydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir. (Ushbu oyati karimada «Ey odamlar!» deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga ularning asli bir ekanligi eslatilmoqda. Demak, odamlarning asli bir — hammalari Odam Ato va Momo Havodan taralganlar. Ayni chogʻda Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib ham qoʻyganini taʼkidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga boʻlinishini sababi esa, oʻzaro tanishish, maʼrifat hosil qilish ekanligi uqtirilmoqda.)

  14. 14

    ۞ قَالَتِ ٱلْأَعْرَابُ ءَامَنَّا ۖ قُل لَّمْ تُؤْمِنُوا۟ وَلَٰكِن قُولُوٓا۟ أَسْلَمْنَا وَلَمَّا يَدْخُلِ ٱلْإِيمَٰنُ فِى قُلُوبِكُمْ ۖ وَإِن تُطِيعُوا۟ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ لَا يَلِتْكُم مِّنْ أَعْمَٰلِكُمْ شَيْـًٔا ۚ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌۭ رَّحِيمٌ

    Aʼrobiylar, iymon keltirdik, dedilar. Sen: «Iymon keltirganingiz yoʻq, lekin boʻyinsundik denglar, hali iymon qalblaringizga kirgani yoʻq va agar Allohga va Uning Rasuliga itoat qilsangiz, amallaringizdan hech narsa kamimas. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmli zotdir», deb ayt. (Bir kun sahro arablari Paygʻambar alayhissalom huzurlariga kelib, iymon keltirdik, deb minnat qilishgan. Aslida esa, ular yangi musulmonlar boʻlib, hali haqiqiy iymon qalblaridan joy olgan emas edi. Alloh taolo ularga haqiqiy iymon haqida taʼlim berishni iroda qilib, ushbu oyatni tushirdi.)

  15. 15

    إِنَّمَا ٱلْمُؤْمِنُونَ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ بِٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ ثُمَّ لَمْ يَرْتَابُوا۟ وَجَٰهَدُوا۟ بِأَمْوَٰلِهِمْ وَأَنفُسِهِمْ فِى سَبِيلِ ٱللَّهِ ۚ أُو۟لَٰٓئِكَ هُمُ ٱلصَّٰدِقُونَ

    Albatta, haqiqiy moʻminlar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, soʻngra shubha qilmagan va Allohning yoʻlidan mollari va jonlari ila jihod qilganlardir. Ana oʻshalar, oʻshalargina (iymonida) sodiqlardir.

  16. 16

    قُلْ أَتُعَلِّمُونَ ٱللَّهَ بِدِينِكُمْ وَٱللَّهُ يَعْلَمُ مَا فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَمَا فِى ٱلْأَرْضِ ۚ وَٱللَّهُ بِكُلِّ شَىْءٍ عَلِيمٌۭ

    Sen: «Allohga diningizni bildirmoqchimisiz? Va holbuki, Alloh osmonlaru yerdagi narsani biluvchi zotdir. Alloh har bir narsani biluvchidir», deb ayt.

  17. 17

    يَمُنُّونَ عَلَيْكَ أَنْ أَسْلَمُوا۟ ۖ قُل لَّا تَمُنُّوا۟ عَلَىَّ إِسْلَٰمَكُم ۖ بَلِ ٱللَّهُ يَمُنُّ عَلَيْكُمْ أَنْ هَدَىٰكُمْ لِلْإِيمَٰنِ إِن كُنتُمْ صَٰدِقِينَ

    Senga musulmon boʻlganlarini minnat qilurlar. Sen: «Menga Islomingizni minnat qilmang. Balki agar sodiq boʻlsangiz, Alloh sizni iymonga hidoyat qilganini minnat qilur», deb ayt.

  18. 18

    إِنَّ ٱللَّهَ يَعْلَمُ غَيْبَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ۚ وَٱللَّهُ بَصِيرٌۢ بِمَا تَعْمَلُونَ

    Albatta, Alloh osmonlaru yerning gʻaybini biluvchi zotdir. Va Alloh qilayotgan ishlaringizni koʻruvchi zotdir.

Arabcha: Tanzil Usmoniy matni. Tarjima va audio bepul Al Quran Cloud / Islamic Network xizmatlari orqali. Tafsir ochiq Tafsir API orqali.