Asosiy qismga oʻtish
Sunni Islam Yoʻl-yoʻriq, ibodat vositalari va ishonchli manbalar

Sura 15 · Makkiy · 99 Oyatlar

Sura Hijr

Hijr vodiysi

سورة الحجر
Uzluksiz tinglash

بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

  1. 1

    الٓر ۚ تِلْكَ ءَايَٰتُ ٱلْكِتَٰبِ وَقُرْءَانٍۢ مُّبِينٍۢ

    Alif. Loom. Ro. Ushbular kitobning va ravshan Qurʼonning oyatlaridir.

  2. 2

    رُّبَمَا يَوَدُّ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ لَوْ كَانُوا۟ مُسْلِمِينَ

    Hali, kufr keltirganlar musulmon boʻlishni ham istab qolurlar. (Ushbu holat jon taslim qilish chogʻida, qiyomat kuni Alloh taolo musulmonlarni jannatga kiritayotgan paytda, baʼzi gunohlari tufayli doʻzaxga tushgan ahli qiblalar undan ozod boʻlib jannatga oʻtayotganlarida boʻladi.)

  3. 3

    ذَرْهُمْ يَأْكُلُوا۟ وَيَتَمَتَّعُوا۟ وَيُلْهِهِمُ ٱلْأَمَلُ ۖ فَسَوْفَ يَعْلَمُونَ

    Ularni tek qoʻy, yeb-ichib, huzurlanib, umidlar ila mashgʻul boʻlib yuraversinlar. Bas, tezda bilurlar.

  4. 4

    وَمَآ أَهْلَكْنَا مِن قَرْيَةٍ إِلَّا وَلَهَا كِتَابٌۭ مَّعْلُومٌۭ

    Biz maʼlum bitiksiz hech bir shaharni halok etganimiz yoʻq.

  5. 5

    مَّا تَسْبِقُ مِنْ أُمَّةٍ أَجَلَهَا وَمَا يَسْتَـْٔخِرُونَ

    Hech bir ummat oʻz ajalidan oʻzib keta olmas va ortda ham qola olmas.

  6. 6

    وَقَالُوا۟ يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِى نُزِّلَ عَلَيْهِ ٱلذِّكْرُ إِنَّكَ لَمَجْنُونٌۭ

    Ular: «Ey zikr nozil qilingan kishi, albatta, sen majnunsan.

  7. 7

    لَّوْ مَا تَأْتِينَا بِٱلْمَلَٰٓئِكَةِ إِن كُنتَ مِنَ ٱلصَّٰدِقِينَ

    «Agar rostgoʻylardan boʻlsang, bizga farishtalarni keltirsang-chi», derlar. (Bu gap ham, avval aytib oʻtilgandek, oʻzlariga oʻxshagan odamni Paygʻambar boʻlishini aqliga sigʻdira olmaslikdan kelib chiqadi.)

  8. 8

    مَا نُنَزِّلُ ٱلْمَلَٰٓئِكَةَ إِلَّا بِٱلْحَقِّ وَمَا كَانُوٓا۟ إِذًۭا مُّنظَرِينَ

    Biz farishtalarni faqat haq ila tushururmiz, xolos. U holda ularga qarab turilmas. (Farishtalarni tushirgan chogʻimizda kofirlarga qarab turilmay ular halok qilinadi.)

  9. 9

    إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا ٱلذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُۥ لَحَٰفِظُونَ

    Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz. (Ushbu zikr–Qurʼon.)

  10. 10

    وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا مِن قَبْلِكَ فِى شِيَعِ ٱلْأَوَّلِينَ

    Batahqiq, sendan oldin ham avvalgilar guruhlariga (Paygʻambar) yuborganmiz.

  11. 11

    وَمَا يَأْتِيهِم مِّن رَّسُولٍ إِلَّا كَانُوا۟ بِهِۦ يَسْتَهْزِءُونَ

    Ularga qaysi bir Paygʻambar kelsa, uni masxara qilmasdan qoʻymas edilar.

  12. 12

    كَذَٰلِكَ نَسْلُكُهُۥ فِى قُلُوبِ ٱلْمُجْرِمِينَ

    Shunga oʻxshash Biz uni jinoyatchilar qalbiga solarmiz.

  13. 13

    لَا يُؤْمِنُونَ بِهِۦ ۖ وَقَدْ خَلَتْ سُنَّةُ ٱلْأَوَّلِينَ

    Unga (Qurʼonga) iymon keltirmaslar. Batahqiq, avvalgilarning sunnati-odati shundoq oʻtgandir.

  14. 14

    وَلَوْ فَتَحْنَا عَلَيْهِم بَابًۭا مِّنَ ٱلسَّمَآءِ فَظَلُّوا۟ فِيهِ يَعْرُجُونَ

    Agar ularga osmondan bir eshik ochsagu undan chiqib tursalar ham.

  15. 15

    لَقَالُوٓا۟ إِنَّمَا سُكِّرَتْ أَبْصَٰرُنَا بَلْ نَحْنُ قَوْمٌۭ مَّسْحُورُونَ

    Ular: «Albatta, koʻzlarimiz bogʻlandi, balki biz sehrlangan qavmdirmiz», derlar. (Allohning haqligi haqidagi moʻʼjiza koʻrsatilib, qoʻliga ushlatib qoʻyilsa ham, ehtimol udir, ehtimol budir, balki tabiat qonunini men tushunmayotgandirman, deb turaveradilar.)

  16. 16

    وَلَقَدْ جَعَلْنَا فِى ٱلسَّمَآءِ بُرُوجًۭا وَزَيَّنَّٰهَا لِلنَّٰظِرِينَ

    Batahqiq, Biz osmonlarda burjlar qilib qoʻydik va uni nazar soluvchilar uchun ziynatlab qoʻydik. (Osmon hammaning koʻz oʻngida turibdi. Lekin hamma ham osmonni Allohning qudratiga dalolat qiluvchi buyuk moʻʼjiza deb tushunavermaydi. Aslida, u moʻʼjizadir. Xoʻsh, shunday ulkan, bepoyon, cheksiz osmonni kim yaratgan? Yaratganda ham, yulduzlar yuradigan yoʻllar–burjlar bilan kim yaratgan? Albatta, Alloh yaratgan.)

  17. 17

    وَحَفِظْنَٰهَا مِن كُلِّ شَيْطَٰنٍۢ رَّجِيمٍ

    Uni har bir quvilgan shaytondan muhofaza qildik.

  18. 18

    إِلَّا مَنِ ٱسْتَرَقَ ٱلسَّمْعَ فَأَتْبَعَهُۥ شِهَابٌۭ مُّبِينٌۭ

    Magar birortasi oʻgʻrilikcha quloq ossa, ravshan olov uning ortidan tushar.

  19. 19

    وَٱلْأَرْضَ مَدَدْنَٰهَا وَأَلْقَيْنَا فِيهَا رَوَٰسِىَ وَأَنۢبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ شَىْءٍۢ مَّوْزُونٍۢ

    Biz yerni yoyib, ustiga baland togʻlarni tashlab qoʻydik va unda oʻlchangan turli narsalarni oʻstirib qoʻydik.

  20. 20

    وَجَعَلْنَا لَكُمْ فِيهَا مَعَٰيِشَ وَمَن لَّسْتُمْ لَهُۥ بِرَٰزِقِينَ

    Va unda sizlar uchun maosh vositalarini va siz rizqini bera olmaydigan kimsalarni qilib qoʻydik.

  21. 21

    وَإِن مِّن شَىْءٍ إِلَّا عِندَنَا خَزَآئِنُهُۥ وَمَا نُنَزِّلُهُۥٓ إِلَّا بِقَدَرٍۢ مَّعْلُومٍۢ

    Hech bir narsa yoʻqki, uning xazinalari Bizning huzurimizda boʻlmasa. Biz uni faqat maʼlum miqdorla nozil qilurmiz.

  22. 22

    وَأَرْسَلْنَا ٱلرِّيَٰحَ لَوَٰقِحَ فَأَنزَلْنَا مِنَ ٱلسَّمَآءِ مَآءًۭ فَأَسْقَيْنَٰكُمُوهُ وَمَآ أَنتُمْ لَهُۥ بِخَٰزِنِينَ

    Biz shamollarni urchituvchilar etib yubordik. Bas, osmondan suv tushirib, u ila sizlarni serob qildik. Sizlar uni toʻplab oluvchi emassiz. (Yaʼni, Biz shamollarni oʻlchov bilan bulutlarni urchituvchi, bir-biriga qoʻshib suv hosil qiluvchi etib yubordik. Asosan, yomgʻirning yogʻishiga shamollar sabab boʻladi. Ular maʼlum qoidalarga koʻra esadi. Paydo boʻlgan bulutlarning bir-birlari ila qoʻshilishlaridan suv hosil boʻladi. Ana shundan keyin osmondan suv tushadi, yomgʻir yogʻadi. Alloh taolo u suv bilan yer yuzini, odamlarni serob qiladi. Deyarli hamma rizq osmondan tushgan shu suvga bogʻliq boʻladi. Inson esa, Alloh tayyor holda unga osmondan tushirib bergan suvni toʻplab olishga ham qodir emas. Uni toʻplashni ham buloq, quduq, anhor, yer osti koʻllari va boshqa vositalar orqali Alloh taoloning Oʻzi amalga oshiradi.)

  23. 23

    وَإِنَّا لَنَحْنُ نُحْىِۦ وَنُمِيتُ وَنَحْنُ ٱلْوَٰرِثُونَ

    Albatta, Biz Oʻzimiz tiriltirurmiz va Biz merosxoʻrlarmiz.

  24. 24

    وَلَقَدْ عَلِمْنَا ٱلْمُسْتَقْدِمِينَ مِنكُمْ وَلَقَدْ عَلِمْنَا ٱلْمُسْتَـْٔخِرِينَ

    Batahqiq, sizdan oldin kelganlarni bildik. Batahqiq, keyin kelganlarni ham bildik.

  25. 25

    وَإِنَّ رَبَّكَ هُوَ يَحْشُرُهُمْ ۚ إِنَّهُۥ حَكِيمٌ عَلِيمٌۭ

    Albatta, sening Robbing Oʻzi ularni mahsharga jamlar. Albatta, U hikmatli va ilmli Zotdir.

  26. 26

    وَلَقَدْ خَلَقْنَا ٱلْإِنسَٰنَ مِن صَلْصَٰلٍۢ مِّنْ حَمَإٍۢ مَّسْنُونٍۢ

    Batahqiq, Biz insonni quruq loydan, oʻzgartirilgan qora balchiqdan yaratdik.

  27. 27

    وَٱلْجَآنَّ خَلَقْنَٰهُ مِن قَبْلُ مِن نَّارِ ٱلسَّمُومِ

    Va jinlarni bundan oldin samum olovidan yaratdik.

  28. 28

    وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَٰٓئِكَةِ إِنِّى خَٰلِقٌۢ بَشَرًۭا مِّن صَلْصَٰلٍۢ مِّنْ حَمَإٍۢ مَّسْنُونٍۢ

    Sen Robbingning farishtalarga: «Albatta, men quruq loydan, oʻzgartirilgan qora balchiqdan bashar yaratguvchidirman.

  29. 29

    فَإِذَا سَوَّيْتُهُۥ وَنَفَخْتُ فِيهِ مِن رُّوحِى فَقَعُوا۟ لَهُۥ سَٰجِدِينَ

    Bas, qachonki uni toʻgʻrilab boʻlganimda va ichiga Oʻz ruhimdan puflaganimda, unga sajda qilgan holingizda yiqiling», deganini esla.

  30. 30

    فَسَجَدَ ٱلْمَلَٰٓئِكَةُ كُلُّهُمْ أَجْمَعُونَ

    Bas, farishtalar barchalari sajda qildilar.

  31. 31

    إِلَّآ إِبْلِيسَ أَبَىٰٓ أَن يَكُونَ مَعَ ٱلسَّٰجِدِينَ

    Magar Iblis sajda qiluvchilar bilan birga boʻlishdan bosh tortdi.

  32. 32

    قَالَ يَٰٓإِبْلِيسُ مَا لَكَ أَلَّا تَكُونَ مَعَ ٱلسَّٰجِدِينَ

    U zot: «Ey iblis! Senga ne boʻldi, sajda qiluvchilar bilan birga boʻlmasligingga?» dedi.

  33. 33

    قَالَ لَمْ أَكُن لِّأَسْجُدَ لِبَشَرٍ خَلَقْتَهُۥ مِن صَلْصَٰلٍۢ مِّنْ حَمَإٍۢ مَّسْنُونٍۢ

    U: «Sen quruq loydan, oʻzgartirilgan qora balchiqdan yaratgan basharga sajda qila olmasdim», dedi.

  34. 34

    قَالَ فَٱخْرُجْ مِنْهَا فَإِنَّكَ رَجِيمٌۭ

    U zot: «Bas, sen undan chiq! Albatta, sen quvilgansan!

  35. 35

    وَإِنَّ عَلَيْكَ ٱللَّعْنَةَ إِلَىٰ يَوْمِ ٱلدِّينِ

    Va, albatta, senga to jazo kunigacha laʼnat boʻlur!» dedi.

  36. 36

    قَالَ رَبِّ فَأَنظِرْنِىٓ إِلَىٰ يَوْمِ يُبْعَثُونَ

    U: «Ey Robbim, meni ular qayta tiriladigan kungacha qoʻyib qoʻygin», dedi.

  37. 37

    قَالَ فَإِنَّكَ مِنَ ٱلْمُنظَرِينَ

    U zot: «Albatta, sen qoʻyib qoʻyilganlardansan.

  38. 38

    إِلَىٰ يَوْمِ ٱلْوَقْتِ ٱلْمَعْلُومِ

    Maʼlum vaqt kunigacha», dedi.

  39. 39

    قَالَ رَبِّ بِمَآ أَغْوَيْتَنِى لَأُزَيِّنَنَّ لَهُمْ فِى ٱلْأَرْضِ وَلَأُغْوِيَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ

    U: «Ey Robbim, meni zalolatga ketkazganing sababidan, albatta, men ularga yer yuzida (gunohlarni) ziynatlab koʻrsataman va, albatta, ularning hammasini igʻvo qilaman.

  40. 40

    إِلَّا عِبَادَكَ مِنْهُمُ ٱلْمُخْلَصِينَ

    Magar, ulardan tanlangan bandalaringni (adashtira olmayman)», dedi.

  41. 41

    قَالَ هَٰذَا صِرَٰطٌ عَلَىَّ مُسْتَقِيمٌ

    U zot: «Ushbu zimmamdagi toʻgʻri yoʻldir:

  42. 42

    إِنَّ عِبَادِى لَيْسَ لَكَ عَلَيْهِمْ سُلْطَٰنٌ إِلَّا مَنِ ٱتَّبَعَكَ مِنَ ٱلْغَاوِينَ

    Albatta, Mening bandalarim ustida sening sultoning yoʻqdir, magar senga ergashgan gumrohlargagina bordir.

  43. 43

    وَإِنَّ جَهَنَّمَ لَمَوْعِدُهُمْ أَجْمَعِينَ

    Albatta, jahannam ularning barchasining vaʼda qilingan joyidir.

  44. 44

    لَهَا سَبْعَةُ أَبْوَٰبٍۢ لِّكُلِّ بَابٍۢ مِّنْهُمْ جُزْءٌۭ مَّقْسُومٌ

    Uning yetti eshigi bordir. Har bir eshik uchun ulardan taqsimlangan boʻlagi bordir» dedi. (Baʼzi rivoyatlarda kelishicha, jahannam yetti qavatdan iborat boʻlib, har qavatining alohida eshigi boʻlar ekan. Har qavati bir-biridan ashaddiyroq boʻlar ekan. Chunki gumrohlik, xatokorlik ham har xil boʻladi. Qilgan gunohi darajasiga qarab kofirlar turli qavatlarga kiritiladi. Shaytonga ergashgan gumrohlar taqsimlab, boʻlib-boʻlib, guruhlarga ajratib qoʻyilgan boʻladi. Oʻsha mazkur yetti eshikdan gunohining koʻp-ozligiga qarab birin-ketin kiritilaveradilar.)

  45. 45

    إِنَّ ٱلْمُتَّقِينَ فِى جَنَّٰتٍۢ وَعُيُونٍ

    Albatta, taqvodorlar jannatlar va chashmalardadir.

  46. 46

    ٱدْخُلُوهَا بِسَلَٰمٍ ءَامِنِينَ

    «U(jannatlar)ga tinchlik, omonlik ila kiringlar» (deyilur).

  47. 47

    وَنَزَعْنَا مَا فِى صُدُورِهِم مِّنْ غِلٍّ إِخْوَٰنًا عَلَىٰ سُرُرٍۢ مُّتَقَٰبِلِينَ

    Ularning dillaridagi gʻilli-gʻishtlarni chiqarib tashladik. Soʻrilarda bir-birlariga boqib, doʻst boʻlgan hollarida oʻltirurlar. (Inson qanchalik moddiy rohat-farogʻatga erishmasin, koʻnglida bir oz gʻashlik boʻlsa, unga oʻsha rohat-farogʻat tatimaydi. Shuning uchun Alloh taolo Oʻz rahmati ila jannatga sazovor qilgan taqvodor bandalarining dillarida gʻashliklar, yaʼni, hiqdu hasad, koʻra olmaslik kabi baʼzi bir illatlar boʻlsa, chiqarib tashlaydi.)

  48. 48

    لَا يَمَسُّهُمْ فِيهَا نَصَبٌۭ وَمَا هُم مِّنْهَا بِمُخْرَجِينَ

    Ularni u joyda charchoq tutmas va ular undan chiqariluvchi ham emaslar.

  49. 49

    ۞ نَبِّئْ عِبَادِىٓ أَنِّىٓ أَنَا ٱلْغَفُورُ ٱلرَّحِيمُ

    Bandalarimga xabar bergil: «Albatta, Mening Oʻzim gʻofuru rohiymdirman».

  50. 50

    وَأَنَّ عَذَابِى هُوَ ٱلْعَذَابُ ٱلْأَلِيمُ

    Va, albatta, azobim alamli azobdir.

  51. 51

    وَنَبِّئْهُمْ عَن ضَيْفِ إِبْرَٰهِيمَ

    Ularga Ibrohimning mehmonlari xabarini ber.

  52. 52

    إِذْ دَخَلُوا۟ عَلَيْهِ فَقَالُوا۟ سَلَٰمًۭا قَالَ إِنَّا مِنكُمْ وَجِلُونَ

    Uning huzuriga kirganlarida: «Salom», dedilar. U: «Albatta, biz sizlardan qoʻrqmoqdamiz», dedi.

  53. 53

    قَالُوا۟ لَا تَوْجَلْ إِنَّا نُبَشِّرُكَ بِغُلَٰمٍ عَلِيمٍۢ

    Ular: «Qoʻrqma, biz senga oʻta bilimdon oʻgʻilning xushxabarini berurmiz», dedilar.

  54. 54

    قَالَ أَبَشَّرْتُمُونِى عَلَىٰٓ أَن مَّسَّنِىَ ٱلْكِبَرُ فَبِمَ تُبَشِّرُونَ

    U: «Meni keksalik tutganida, xushxabar berasizlarmi? Nimaning xushxabarini beryapsizlar oʻzi?» dedi.

  55. 55

    قَالُوا۟ بَشَّرْنَٰكَ بِٱلْحَقِّ فَلَا تَكُن مِّنَ ٱلْقَٰنِطِينَ

    Ular: «Biz senga haq ila bashorat berdik. Bas, sen noumid boʻluvchilardan boʻlma», dedilar.

  56. 56

    قَالَ وَمَن يَقْنَطُ مِن رَّحْمَةِ رَبِّهِۦٓ إِلَّا ٱلضَّآلُّونَ

    U: «Faqat zalolatga ketgan kishilargina oʻz Robbining rahmatidan noumid boʻlurlar», dedi. (Allohning rahmatidan noumid boʻlish faqat bir toifaga–yoʻldan adashgan, gumroh toifaga xos. Allohning rahmatidan yuz oʻgirib, zalolat yoʻliga kirib ketgan kimsagina noumid boʻladi, xolos.)

  57. 57

    قَالَ فَمَا خَطْبُكُمْ أَيُّهَا ٱلْمُرْسَلُونَ

    U: «Ey elchilar, nima ish ila yuborildingiz?» dedi. (Yaʼni, menga juda bilimdon oʻgʻil xushxabarini berishdan boshqa yana nima ish bilan yuborildingiz, dedi.)

  58. 58

    قَالُوٓا۟ إِنَّآ أُرْسِلْنَآ إِلَىٰ قَوْمٍۢ مُّجْرِمِينَ

    Ular: «Biz jinoyatchi qavmlarga yuborildik.

  59. 59

    إِلَّآ ءَالَ لُوطٍ إِنَّا لَمُنَجُّوهُمْ أَجْمَعِينَ

    Magar Lut ahliga emas. Albatta, Biz ularning hammasini qutqarguvchilarmiz.

  60. 60

    إِلَّا ٱمْرَأَتَهُۥ قَدَّرْنَآ ۙ إِنَّهَا لَمِنَ ٱلْغَٰبِرِينَ

    Faqat uning xotinigina istisnodir. Uning, albatta, qoluvchilardan boʻlishini taqdir qildik», dedilar.

  61. 61

    فَلَمَّا جَآءَ ءَالَ لُوطٍ ٱلْمُرْسَلُونَ

    Elchilar Lut ahliga kelganlarida...

  62. 62

    قَالَ إِنَّكُمْ قَوْمٌۭ مُّنكَرُونَ

    U: «Albatta, siz notanish qavmsiz», dedi.

  63. 63

    قَالُوا۟ بَلْ جِئْنَٰكَ بِمَا كَانُوا۟ فِيهِ يَمْتَرُونَ

    Ular: «Yoʻq! Biz senga ular shak qilayotgan narsa ila keldik.

  64. 64

    وَأَتَيْنَٰكَ بِٱلْحَقِّ وَإِنَّا لَصَٰدِقُونَ

    Senga haq ila keldik va albatta, bizlar rostgoʻylardurmiz.

  65. 65

    فَأَسْرِ بِأَهْلِكَ بِقِطْعٍۢ مِّنَ ٱلَّيْلِ وَٱتَّبِعْ أَدْبَٰرَهُمْ وَلَا يَلْتَفِتْ مِنكُمْ أَحَدٌۭ وَٱمْضُوا۟ حَيْثُ تُؤْمَرُونَ

    Ahling ila kechaning bir boʻlagida yoʻlga chiq, sen ularning ortidan kuzatib bor. Sizlardan hech birlaringiz ortga qaramasin. Amr qilingan tomoningizga ketaveringlar», dedilar.

  66. 66

    وَقَضَيْنَآ إِلَيْهِ ذَٰلِكَ ٱلْأَمْرَ أَنَّ دَابِرَ هَٰٓؤُلَآءِ مَقْطُوعٌۭ مُّصْبِحِينَ

    Va unga ushbu amrni vahiy qildik: «Albatta, anavilarning orqasi subh chogʻi kesilajakdir».

  67. 67

    وَجَآءَ أَهْلُ ٱلْمَدِينَةِ يَسْتَبْشِرُونَ

    Va shahar ahli sevinib, yetib keldilar. (Lut (a. s.) qavmi yashaydigan Sadum shahrining jinoyatkor aholisi, Lutning uyiga chiroyli, yosh yigitlar kelgan emish, ular bilan fohisha ish qiladigan boʻlibmiz, deb sevingan hollarida yetib keldilar.)

  68. 68

    قَالَ إِنَّ هَٰٓؤُلَآءِ ضَيْفِى فَلَا تَفْضَحُونِ

    U: «Bular mening mehmonlarim, axir. Meni sharmanda qilmanglar.

  69. 69

    وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ وَلَا تُخْزُونِ

    Va Allohdan qoʻrqinglar! Meni xor qilmanglar», dedi.

  70. 70

    قَالُوٓا۟ أَوَلَمْ نَنْهَكَ عَنِ ٱلْعَٰلَمِينَ

    Ular: «Biz seni olamlardan qaytarmaganmidik?!» dedilar. (Lut (a. s.) ularni oʻtaketgan fahsh ish boʻlmish bachchabozlikdan qaytarganlar, kimlarnidir himoya qilganlar va jinoyatchi qavm u kishiga olamda hech kimni himoya qilmaslikni aytib tahdid solgan. Ular hozir Lutga (a. s.) oralarida avval boʻlib oʻtgan oʻsha gap-soʻzlarni eslatmoqdalar.)

  71. 71

    قَالَ هَٰٓؤُلَآءِ بَنَاتِىٓ إِن كُنتُمْ فَٰعِلِينَ

    U: «Agar (bu ishni) qiluvchi boʻlsangiz, anavu qizlarim bor», dedi.

  72. 72

    لَعَمْرُكَ إِنَّهُمْ لَفِى سَكْرَتِهِمْ يَعْمَهُونَ

    Sening umring ila qasamki, albatta, ular oʻz sarxushliklarida tentiramoqdalar.

  73. 73

    فَأَخَذَتْهُمُ ٱلصَّيْحَةُ مُشْرِقِينَ

    Bas, ularni quyosh chiqish paytida dahshatli qichqiriq tutdi.

  74. 74

    فَجَعَلْنَا عَٰلِيَهَا سَافِلَهَا وَأَمْطَرْنَا عَلَيْهِمْ حِجَارَةًۭ مِّن سِجِّيلٍ

    Bas, Biz (bu shaharning) ostini ustin qildik va ular ustiga loyi qotgan toshlar yogʻdirdik.

  75. 75

    إِنَّ فِى ذَٰلِكَ لَءَايَٰتٍۢ لِّلْمُتَوَسِّمِينَ

    Albatta, bunda farosatli kishilar uchun oyat-belgilar bordir.

  76. 76

    وَإِنَّهَا لَبِسَبِيلٍۢ مُّقِيمٍ

    Albatta, u(shahar) boqiy yoʻl ustidadir. (Yaʼni, Lut (a. s.) qavmi halokatga uchragan shaharning vayronalari hozirgacha boqiy yoʻl ustidadir. U orqali odamlar Hijoz bilan Shom oʻrtasida qatnaydilar. Jumladan, Makka ahli ham Shomga borganlarida va u yerdan qaytganlarida, shu yoʻldan yuradilar.)

  77. 77

    إِنَّ فِى ذَٰلِكَ لَءَايَةًۭ لِّلْمُؤْمِنِينَ

    Albatta, bunda moʻminlar uchun oyat-ibrat bordir.

  78. 78

    وَإِن كَانَ أَصْحَٰبُ ٱلْأَيْكَةِ لَظَٰلِمِينَ

    Albatta, bir-biriga kirishib ketgan daraxtzor egalari zolimlardan boʻlganlar.

  79. 79

    فَٱنتَقَمْنَا مِنْهُمْ وَإِنَّهُمَا لَبِإِمَامٍۢ مُّبِينٍۢ

    Bas, Biz ulardan intiqom oldik. Albatta, ularning ikkovlari ham ochiq yoʻl ustidadir.

  80. 80

    وَلَقَدْ كَذَّبَ أَصْحَٰبُ ٱلْحِجْرِ ٱلْمُرْسَلِينَ

    Batahqiq, Hijr egalari Paygʻambarlarni yolgʻonchiga chiqardilar.

  81. 81

    وَءَاتَيْنَٰهُمْ ءَايَٰتِنَا فَكَانُوا۟ عَنْهَا مُعْرِضِينَ

    Va ularga oyatlarimizni berdik. Bas, yuz oʻgiruvchi boʻldilar.

  82. 82

    وَكَانُوا۟ يَنْحِتُونَ مِنَ ٱلْجِبَالِ بُيُوتًا ءَامِنِينَ

    Ular togʻdan oʻyib uy yasab, omonlikda yurar edilar.

  83. 83

    فَأَخَذَتْهُمُ ٱلصَّيْحَةُ مُصْبِحِينَ

    Bas, subhidam chogʻida ularni qattiq qichqiriq tutdi.

  84. 84

    فَمَآ أَغْنَىٰ عَنْهُم مَّا كَانُوا۟ يَكْسِبُونَ

    Qilgan kasblari ularga biron foyda bermadi.

  85. 85

    وَمَا خَلَقْنَا ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضَ وَمَا بَيْنَهُمَآ إِلَّا بِٱلْحَقِّ ۗ وَإِنَّ ٱلسَّاعَةَ لَءَاتِيَةٌۭ ۖ فَٱصْفَحِ ٱلصَّفْحَ ٱلْجَمِيلَ

    Biz osmonlaru yerni va ulardagi narsalarni haq ila yaratdik. Albatta, qiyomat kelguvchidir. Bas, sen goʻzal shaklda yuz oʻgir.

  86. 86

    إِنَّ رَبَّكَ هُوَ ٱلْخَلَّٰقُ ٱلْعَلِيمُ

    Albatta, Robbing yaratguvchi va bilguvchi zotdir.

  87. 87

    وَلَقَدْ ءَاتَيْنَٰكَ سَبْعًۭا مِّنَ ٱلْمَثَانِى وَٱلْقُرْءَانَ ٱلْعَظِيمَ

    Va, batahqiq, senga yetti takrorlanuvchini va Ulugʻ Qurʼonni berdik. (Oyatdagi «yetti takrorlanuvchi»dan murod Fotiha surasidir. Chunki bu surai karima yetti oyatdan iborat boʻlib, juda koʻp takrorlanadi. Namozning har rakatida qayta-qayta oʻqiladi.)

  88. 88

    لَا تَمُدَّنَّ عَيْنَيْكَ إِلَىٰ مَا مَتَّعْنَا بِهِۦٓ أَزْوَٰجًۭا مِّنْهُمْ وَلَا تَحْزَنْ عَلَيْهِمْ وَٱخْفِضْ جَنَاحَكَ لِلْمُؤْمِنِينَ

    Biz ulardan baʼzi guruhlarni bahramand qilgan narsalarga (havas-la) nazar solma! Ular uchun xafa ham boʻlma! Moʻminlarga qanotingni pastlat!

  89. 89

    وَقُلْ إِنِّىٓ أَنَا ٱلنَّذِيرُ ٱلْمُبِينُ

    Va: «Albatta, men ochiq-oydin ogohlantirguvchiman», deb ayt.

  90. 90

    كَمَآ أَنزَلْنَا عَلَى ٱلْمُقْتَسِمِينَ

    Xuddi taqsimlovchilarga tushirganimizga oʻxshash. (Ahli kitob; yahudiy va nasorolar oʻzlariga kelgan ilohiy kitoblarni taqsimlab, bir qismiga iymon keltirib, bir qismiga iymon keltirmagan edilar. Ana oʻshalarga kitob tushirganimizga oʻxshab senga ham kitob tushirdik.)

  91. 91

    ٱلَّذِينَ جَعَلُوا۟ ٱلْقُرْءَانَ عِضِينَ

    Qurʼonni parcha-parcha qilganlarga. («Qurʼonni parcha-parcha qilgan taqsimlovchilar» deganda ahli kitob yahudiy va nasorolar nazarda tutilgandir. Ular oʻzlariga kelgan ilohiy kitoblarni taqsimlab, bir qismiga iymon keltirib, bir qismiga iymon keltirmagan edilar. Endi Qurʼonni ham parcha-parcha qilib, oʻz fikrlariga mos kelganini olib, toʻgʻri kelmaganini tark etmoqchi boʻlmoqdalar.)

  92. 92

    فَوَرَبِّكَ لَنَسْـَٔلَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ

    Bas, Robbing ila qasamki, ularning hammasidan, albatta, soʻrarmiz.

  93. 93

    عَمَّا كَانُوا۟ يَعْمَلُونَ

    Qilib yurgan ishlari haqida.

  94. 94

    فَٱصْدَعْ بِمَا تُؤْمَرُ وَأَعْرِضْ عَنِ ٱلْمُشْرِكِينَ

    Bas, senga amr etilgan narsani yuzaga chiqar va mushriklardan yuz oʻgir. (Ushbu oyat nozil boʻlgunga qadar Rasululloh (s. a. v.) odamlarni dinga sirli-yashirin ravishda daʼvat etar edilar. Bu oyatdagi «yuzaga chiqar» degan amrga muvofiq oshkora daʼvatni boshladilar. Mushriklarning gap-soʻzlariga eʼtibor bermay qoʻydilar.)

  95. 95

    إِنَّا كَفَيْنَٰكَ ٱلْمُسْتَهْزِءِينَ

    Albatta, Biz senga istehzo qiluvchilardan kifoya qilurmiz.

  96. 96

    ٱلَّذِينَ يَجْعَلُونَ مَعَ ٱللَّهِ إِلَٰهًا ءَاخَرَ ۚ فَسَوْفَ يَعْلَمُونَ

    Ular Alloh bilan birga boshqa iloh (sherik) qilurlar. Bas, tezda bilurlar.

  97. 97

    وَلَقَدْ نَعْلَمُ أَنَّكَ يَضِيقُ صَدْرُكَ بِمَا يَقُولُونَ

    Albatta, Biz ularning aytayotganlaridan sening diling siqilishini yaxshi bilamiz.

  98. 98

    فَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَكُن مِّنَ ٱلسَّٰجِدِينَ

    Bas, Robbing hamdi ila tasbih ayt va sajda qilguvchilardan boʻl.

  99. 99

    وَٱعْبُدْ رَبَّكَ حَتَّىٰ يَأْتِيَكَ ٱلْيَقِينُ

    Va senga aniq narsa (oʻlim) kelgunicha Robbingga ibodat qil.

Arabcha: Tanzil Usmoniy matni. Tarjima va audio bepul Al Quran Cloud / Islamic Network xizmatlari orqali. Tafsir ochiq Tafsir API orqali.