Asosiy qismga oʻtish
Sunni Islam Yoʻl-yoʻriq, ibodat vositalari va ishonchli manbalar

Sura 1 · Makkiy · 7 Oyatlar

Sura Fotiha

Ochuvchi

سورة الفاتحة
Uzluksiz tinglash
  1. 1

    بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

    Mehribon va rahmli Allohning nomi bilan boshlayman. (Alloh taolo oʻz kitobini "bismillah" bilan boshlagani musulmonlarga ham oʻrnak, ular ham doim oʻz soʻzlarini va ishlarini "bismillah" bilan boshlamoqlari lozim. Paygʻambar alayhissalom hadislaridan birida: "Eʼtiborli har bir ish "bismillah" bilan boshlanmas ekan, uning oxiri kesikdir", deganlar. Yaʼni, barakasi boʻlmaydi, oxiriga yetmaydi.)

  2. 2

    ٱلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ ٱلْعَٰلَمِينَ

    Barcha maqtov, shukrlar olamlarning tarbiyachisi Allohga boʻlsin. (Olamlarni yaratgani uchun ham, ularning tarbiyachisi boʻlgani uchun ham, ulardagi barcha jonzotlarga hayot, rizqi roʻz bergani uchun ham Alloh barcha hamdu sanolarga sazovordir.)

  3. 3

    ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

    U Rohman va Rahiym... (Barchaga-kofirga ham, moʻʼminga ham mehribon va neʼmat beruvchi. "Rohman" sifati faqat Allohga xos boʻlib, undan boshqa hech kimga nisbatan bu sifatni ishlatib boʻlmaydi. "Rahiym" sifati, xosroq boʻlib, faqat moʻʼminlarga qiyomat kuni rahm qiluvchi maʼnosini anglatadi va Allohdan oʻzgalarga, jumladan, Paygʻambar alayhissalomga nisbatan ham ishlatiladi.)

  4. 4

    مَٰلِكِ يَوْمِ ٱلدِّينِ

    U qiyomat kunining podshohi, egasi. ("Din" soʻzi arabchada hisob, jazo, mukofot maʼnolarini bildiradi. "Yavmid din"-qiyomat kunida bandalar qayta tiriltirilib hisob-kitob qilinadi. Yaxshiga mukofot, yomonga jazo beriladi. Bu oyatni oʻqiganda qiyomatni eslab, oʻsha dahshatli kunda faqat Allohning oʻzi hukm chiqarishini, oʻsha yerda uyalib qolmaslikni eslab, unga tayyorgarlik koʻrishga ahd qilinadi.)

  5. 5

    إِيَّاكَ نَعْبُدُ وَإِيَّاكَ نَسْتَعِينُ

    Faqat sengagina ibodat qilamiz va faqat sendangina yordam soʻraymiz. ( "Iyyaka naʼbudu" "faqat sening aytganingni qilamiz" maʼnosini anglatadi. Bu esa, banda tarafidan Allohga berilgan ulkan vaʼda. Alloh taolo barchamizni ushbu vaʼdaning ustidan chiqadiganlardan qilsin. "Iyyaka nastaʼin" ham, faqat Allohdangina yordam soʻrash maʼnosini anglatadi.)

  6. 6

    ٱهْدِنَا ٱلصِّرَٰطَ ٱلْمُسْتَقِيمَ

    Bizni toʻgʻri yoʻlga boshlagin. ("Hidoyatga boshlash" lugʻatda biror narsaga lutf bilan yoʻllab qoʻyishga aytiladi.)

  7. 7

    صِرَٰطَ ٱلَّذِينَ أَنْعَمْتَ عَلَيْهِمْ غَيْرِ ٱلْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلَا ٱلضَّآلِّينَ

    Oʻzing neʼmat berganlarning yoʻliga (boshlagin), gʻazabga duchor boʻlganlarning yoʻliga emas, adashganlarnikiga ham emas. ("Neʼmat berilganlar"dan murod-Paygʻambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih bandalar. "Gʻazabga duchor boʻlganlar"dan murod-yahudiylar. Yahudiylarning gʻazabga duchor boʻlishlarining sabablari koʻp, jumladan, anbiyolarni oʻldirishlari, Allohga bergan ahdlariga vafo qilmasliklari va hokazo. Lekin katta sabab-bilganiga amal qilmaslik. Alloh ularga ilm bergan, ular esa bila turib ilmga amal qilmaganlar. "Adashganlar"dan murod-nasroniylar. Nasorolarning "adashganlar" boʻlishi ham bir qancha sabablarga koʻradir. Eng asosiysi-ular maqsadga erishish yoʻlida Alloh koʻrsatgan yoʻlni emas, oʻzlari topgan yoʻlni tanlaganlar. Demak, oyatning maʼnosi: Ey Alloh, bizni oʻtgan anbiyoyu avliyo, azizlarning yoʻlidan boshlagin, yahudiy va nasroniylar yoʻlidan boshlamagin, deganidir. Imomi Nasaiy mashhur sahobiy Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: "Namozni oʻzim bilan bandam orasida ikkiga boʻlganman, bandamga nima soʻrasa, beraman. Agar u (banda) "Alhamdu lillahi robbil ʼalamiyn" desa, Alloh, bandam menga hamd-shukr aytdi, deydi. Banda: "ar-Rohmanir Rohiym", desa. Alloh: "Bandam menga sano-maqtov aytdi", deydi. Banda: "Maliki yavmiddin", desa, Alloh: "Bandam meni ulugʻladi", deydi. Banda: "Iyyaka naʼbudu va iyyaka nastaʼin", desa, Alloh: "Bu men bilan bandam orasidagi ahd, bandamga nima soʻrasa, beraman", deydi. Agar banda: "Ihdinas sirotal mustaqim, sirotollaziyna anʼamta ʼalayhim gʻoyril magʻzubi alayhim valazzoolliyn", desa, Alloh: "Bu bandamga xos, bandamga soʻraganini berdim", deydi.)

Arabcha: Tanzil Usmoniy matni. Tarjima va audio bepul Al Quran Cloud / Islamic Network xizmatlari orqali. Tafsir ochiq Tafsir API orqali.